Idora va tashkilotlar nomini yozishdagi xatolar

Idora va tashkilotlar nomini yozishdagi xatolar

Koʻzga tez-tez tashlanadigan xatolardan biri tashkilot va muassasalar nomidagi vazirlik, qoʻmita, agentlik, uyushma, assosiatsiya kabi soʻzlarlarni bosh harf bilan yozish. Bu rus tiliga taqlidan yuz beradi. Chunki bu soʻzlar rus tilida tashkilot nomining boshida keladi. Oʻzbekchada ular kichik harf bilan yozilishi kerak:

 

Demak:

 

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi ✅

Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat Qoʻmitasi ❌

 

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ✅

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi ❌

 

Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi ✅

Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar Assotsiatsiyasi ❌

 

Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi ✅

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi ❌

 

Gohida tashkilot nomi tarkibidagi boshqa soʻzlar ham bosh harf bilan yoziladi. Xoʻsh, aslida qanday boʻlishi kerak? Imlo qoidalariga koʻra, oliy darajada boʻlmagan tashkilotlar nomi tarkibidagi birinchi soʻzgina bosh harf bilan yoziladi.

 

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ✅

Bandlik va Mehnat munosabatlari vazirligi ❌

 

Oʻzbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi ✅

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi ❌

 

Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti ✅

Oʻzbekiston Davlat jahon tillari universiteti ❌

 

Oʻzbekiston Milliy universiteti ✅

Oʻzbekiston milliy universiteti ❌

 

OʻzA oʻz nomini Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi deb yozar ekan. Balki, OʻzMU nomi ham shunga oʻxshatib Oʻzbekiston Milliy universiteti deb yozilar. Lekin buning ehtimoli sal kamroq. Menimcha, asosiy omil – ruschaga taqlid. Chunki universitetning ruscha nomida milliy soʻzi birinchi keladi: Natsionalnыy universitet Uzbekistana. Oʻzbekchada birinchi soʻz – Oʻzbekiston. Ikkinchi soʻz kichik har bilan yozilishi kerak. Chunki universitet Birlashgan Millatlar Tashkiloti yoki Oliy Majlis kabi oliy darajadagi tashkilot emas.

Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi ham oʻz nomini Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi deb yozadi. Ancha yillar oldin buning sababini soʻragan edim. “Turli yumaloq xatlar, arznomalar yozib yuradigan yozgʻuvchilardan farqlash uchun shunday yozamiz”, deyishgandi. Demak, bunga koʻnsa boʻladi, har holda, asos, sabab bor. Soʻnggi yillarda rasmiy hujjatlarda ham uyushma nomidagi yozuvchilar soʻzi bosh harf bilan yozilishni boshlagan.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.