Igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqma: “juvoldiz” nima?

Igna bilan bitadigan ishga juvoldiz tiqma: “juvoldiz” nima?

Bu maqolni qisqa qilib farosatni ishlatishga chaqiriq deyish mumkin. Igna oʻrniga juvoldizdan foydalanish – qoʻpollik, aqlni tejash belgisi. Juvolliz qop tikish uchun ishlatiladigan yoʻgʻon, egik ignani bildiradi. Qop tikadigan igna bilan kiyim tikilsa, kiyimning sifati qopday boʻlib qolishi aniq.

Hozir bunday ignalar turmushimizda ishlatilmaydi. Shu sababli soʻz ham isteʼmoldan chiqqan. Badiiy asarlarda, maqollardagina uchraydi. Lekin maʼnosini bilish kerak. Shunda jumlani toʻla-toʻkis anglaysiz:

 

Soʻngra lattaga oʻralgan ikkita juvoldizni yerdan olib, ikkalasini terakka sanchdi.

M. Osim, “Karvon yoʻllarida”.

 

Oʻktam… supachada oʻtirib, juvoldiz bilan yirtiq qop-qanorlarni tikayotgan kampir qoshiga keldi.

Oybek, “Oltin vodiydan
shabadalar”.

 

“Devonu lugʻatit-turk”da juvoldiz soʻziga maʼnodosh sifatida teman yigna birikmasi qoʻllangan. Obunachilarimiz yozishicha, baʼzi hududlarda tevana, tabana, taban igna kabi atamalar ishlatilar ekan. Bular Koshgʻariy izohlagan soʻzning tovush oʻzgarishiga uchragan shakllari ekani aniq koʻrinib turibdi.

 

🔄  Mavzuga aloqador:

 

Telegram | YouTube

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.