Imorat, inshoot, bino: farqi nimada?
Cinonim soʻzlar maʼno nozikliklari bilan farqlanib turishi tilda kuzatiladigan hodisa. Arab tilidan kirgan bu uch maʼnodosh soʻz ham mazmunan farqlarga ega.
Imorat yashash yoki boshqa maqsad uchun maxsus qurilgan uy, binoni anglatadi: imorat solmoq, gʻisht imorat, temir-beton imorat.
Inshoot esa turli maqsadlar uchun qurilgan binolar va ularning uskuna-jihozlaridir: gidrotexnik inshootlar, yerosti inshooti, koʻp qavatli inshootlar.
Bino kishilarning yashashi, ishlashi va boshqa ehtiyojlar uchun quriladigan inshoot, ulkan uy, imorat maʼnosiga ega: teatr binosi, turar joy binolari.
Deylik, gap uy qurish haqida ketyapti. Bunday paytda siz: “Bu yil yangi inshoot quraman”, demaysiz. Bu oʻrinda oʻzbekcha uy yoki yuqorida sharhlangan imorat soʻzini ishlatgan yaxshi. Hatto bino ham mos tushmaydi.
Gidrotexnik inshootlar birikmasida inshoot oʻrniga na uy, na imorat, na bino mos keladi.
Teatr binosi degan birikmada ham boshqa sinonimlarni ishlatish uslubiy xatolikni keltirib chiqaradi. Lekin baland binolar birikmasida yuqorida sanalgan barcha maʼnodoshlarni almashlab ishlatish mumkin.
Tahrir ana shu kabi holatlarda eng munosib soʻzni qoʻllashni oʻrgatadi.
Orif Tolib