Ketma-ket yuklamalar imlosi

Ketma-ket yuklamalar imlosi

Yuklamalar tuzilishiga koʻra ikki turli boʻladi: qoʻshimcha va soʻz holatidagi yuklamalar. -mi, -chi, -a(-ya), -da, -u(-yu), -oq(-yoq), -gina (-kina, -qina) kabilar qoʻshimcha shaklidagi, axir, faqat, xuddi, nahotki, hatto kabilar soʻz holatidagi yuklamalardir.

Qoʻshimcha koʻrinishidagi yuklamalarning baʼzilari, jumladan, -chi, -a(-ya), -da, -u(-yu), -ku chiziqcha bilan yoziladi: kelsa-chi, bilsa-ya, oʻqisa-da, bildim-u, aytdim-ku.

Xoʻsh, shunday yuklamalar ketma-ket kelib qolsa-chi? Qoidaga koʻra, ular chiziqcha bilan yoziladi:

 

Unga oʻxshar ekansan-da-a?

 

Bunaqa qoʻsh yuklamali gap juda kam uchraydi-yu, lekin tilda bor holat. Ketma-ket chiziq qoʻyish koʻzga yoqimsiz. Shuning uchun koʻp kitoblarda, jumladan, izohli lugʻatda bunga oʻxshash holatlar quyidagicha imloda berilgan:

 

Unga oʻxshar ekansan-da, a?

 

Izohli lugʻatdan misol:

 

Bizning qishloqdan ham maʼlumot borgan ekan-da, a? – dedi.

A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari.

 

Shu yerda bir nozik nuqta bor. Tilshunoslik kitoblarida koʻp eslanmaydigan, lekin izohli lugʻatda alohida sharhlangan a yuklamasi ham bor. U taajjubli, eʼtirozli va shu kabi mazmundagi soʻroqni bildiradi. Unda Nima? Nima deding? Nima dedingiz? kabi mazmun aks etadi:

 

– Oʻn toʻrt soʻm berasiz.

A, oʻn toʻrt soʻm?

Oybek, Tanlangan asarlar.

 

Rafiq, nayni kim chaldi?

Yoʻlchi akam.

A! Rostdanmi? Aldama!

Oybek, Tanlangan asarlar.

 

Menimcha, bu yuklama oʻzbekchaga rus tili taʼsirida kirgan. Chunki ruschada xuddi shunday mazmunni anglatadigan a yuklamasi bor. Yuqoridagi misollarga eʼtibor bersangiz, yuklama faqat gap boshida kelgan.

Biroq biz oʻrganayotgan yuklama bu emas, biz soʻz oxirida keladigan soʻroq yuklamasi imlosi haqida bosh qotiryapmiz.

Tinish belgilarini qoʻllashdan maqsad matnni oʻquvchiga tushunarli yetkazish ekanini inobatga olib, -da va -a yuklamalari birin-ketin kelganda ikkinchi yuklamadan oldin vergul qoʻyilishini oqlasa ham, yoqlasa ham boʻladi.

Izohli lugʻat -mi va -a yuklamalari ketma-ket kelgan holatlarda ham baʼzan -a yuklamasidan oldin vergul ishlatgan:

 

Qani, nonga qaranglar. Jamoliddin, yo oshga urnab yuboraymi, a?

M. Ismoiliy, Fargʻona t. o.

 

Lekin bu oʻrinda vergul ishlatish oʻzini oqlamaydi, menimcha. Qoidaga koʻra, chiziqcha bilan yozaverish kerak:

 

Qani, nonga qaranglar. Jamoliddin, yo oshga urnab yuboraymi-a?

M. Ismoiliy, Fargʻona t. o.

 

Bir
soʻzdagi ikkita chiziqcha diqqatni chalgʻitadi. Lekin yuklamalarni chiziqcha bilan yozishni xato deb boʻlmaydi, chunki qoidaga binoan, shunday yozish kerak. Vergul ham, chiziqcha ham ishlatmaslik esa – xato. -a yuklamasini boshqa hollarda vergul bilan yozish ham yanglishdir.

Men chiziqchali qoʻsh yuklama kelgan holatda ikkinchi yuklamadan oldin vergul ishlatishni afzal koʻraman.

 

📌 Demak:

 

Buni oldinroq bilgan ekansan-da, a? ✅

Buni oldinroq bilgan ekansan-da-a? ✅

 

Buni oldinroq bilgan ekansan-da a? ❌

Buni oldinroq bilgan ekansan, a? ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.