Isaak Kipnis. Soʻzini unutgan mushuk

Isaak Kipnis. Soʻzini unutgan mushuk

Mushukcha ertalab uyqudan uygʻonib, ochiqqani his qildi.

Bekaning oldiga yugurib bordi, biroq ochlik mushuklar tilida qanday ifodalanishini toʻsatdan unutib qoʻydi. Shu sababli beka u nimaga kelganini tushunmadi. Mushukcha yigʻlagancha koʻchaga yugurib chiqdi va u yerda toʻriq otga koʻzi tushdi.

– Nimaga yigʻlayapsan? – deb soʻradi ot.

– Ochqab ketdim, shuning uchun yigʻlayapman, – deb javob berdi mushukcha. – Ovqatlanmoqchiligimni mushukchasiga aytishni bilmayapman.

– Yigʻlama, – deb uni ovutdi ot. – Buni oʻzim senga oʻrgataman. “Ih-hi-hi!” desang, senga darrov yegulik berishadi.

– Nima deyapsiz! Mushuklar kishnamaydi-ku, – mushukcha shunday deb boyagidan ham qattiqroq yigʻlashga tushdi va yoʻlida davom etdi.

Maysazorda qora sigirga duch keldi.

– Nimaga yigʻlayapsan? – deb soʻradi undan sigir.

– Ochqaganda nima deyish kerakligini unutib qoʻydim, oʻzim juda ochman.

– E-e, shunga yigʻlab oʻtiribsanmi? “Mu-u-u!” degin, darrov senga biror nima berishadi.

– E, yoʻq! Mushuklar boʻkirmaydi. Ular boshqacha gapiradi, – dedi mushukcha va dalaga qarab yugurib ketdi.

Uning yigʻisini qoʻy eshitib qoldi va sababini soʻradi:

– Nimaga yigʻlayapsan, hoy mushukcha?

– Mushuklar ovqatni qanday soʻrashini esimdan chiqardim, – deb takrorladi mushukcha.

– Mana, men oʻrgataman nima deyishni, – dedi qoʻy. – “Ma-a-a!” degin, darrov qorningni toʻydirishadi.

– Yoʻq, yoʻq! – deb baqirdi mushukcha. – Qoʻylargina maʼraydi. Mushuklar boshqacha gapiradi.

U shu yerdan ortiga – uyga qaytdi.

Devor yonida bir tovuqqa koʻzi tushdi.

– Nimaga yigʻlayapsan? – deb soʻradi tovuq. Mushukcha sababini tushuntirgan edi, tovuq uni yupatishga tushdi. – Hoziroq senga ovqat berishadi. “Qo-qo-qogʻ!” desang bas.

– Yoʻgʻ-e, qoʻysangiz-chi! Mushuklar qoqogʻlamaydi, – deb hoʻngrab yubordi mushukcha, – ular nima deyishi esa yodimdan koʻtarildi.

U yana yoʻlida davom etdi.

Shu payt bir kulbadan qora mushuk chiqib qoldi va dedi:

– Birgina men senga och mushuk nima deyishi kerakligini ayta olaman. Bekang hozir oshxonada sut pishiryapti, uning oldiga borib “Mya-u-u!” degin.

– Ha, xuddi shunday! – deb mushuk xursand boʻlib ketdi. – Ovqat ana shunday soʻralardi!

U yugurib oshxonaga kirdi va mungli tovushda soʻradi:

– Mya-u-u!

Qizaloq mushukchasi qattiq ochqaganini tushundi.

– Bechora mushukcha! Nega kun boʻyi indamading, ochqaganingni menga eslatmading!

Yosh beka shunday deb kosachaga sut quyib berdi. Mushuk sutni pok-pokiza tushirdi va ochqaganda nima deyish kerakligini boshqa biror MARTA esidan chiqarmadi. Bunday paytlarda “Mya-u-u!” deydi, “Mya-u-u!”

 

Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi

 

“Gʻuncha” jurnalining 2015-yil 1-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.