Islohtalab imlo: yonma-yon undoshlar
1995-yilgi “Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari”da yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi boʻyicha shunday qoida belgilangan:
metall, kilogramm, kilovatt, kongress kabi oʻzlashma soʻzlar oxirida bir undosh aytilsa ham, ikki harf yoziladi. Lekin bunday soʻzga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qoʻshilsa, soʻz oxiridagi bir harf yozilmaydi: metall + lar = metallar, kilogramm + mi = kilogrammi kabi.
Menimcha, yangilanadigan imlo qoidalarida bunga oʻzgartirish kiritish kerak. Yakka holda ham, qoʻshimchalar qoʻshilganda ham bitta harf yozilishi oʻzbek tili tabiatiga mosroq boʻladi.
Imlo talaffuzga qancha yaqin kelsa, tushunilishi ham shuncha osonlashadi.
Hozirgi qoidalarga koʻra yozilganda baʼzida tushunarsiz holatlar kelib chiqadi:
kilogrammi
Bunda nima nazarda tutilgan? Kilogrammi deb soʻrayaptimi yo biror narsaning kilogrami haqida gap ketyaptimi?
Mann, Yohann, Pruss kabi kishi nomlari haqida ham shunday fikr aytish mumkin. Ularni ham Man, Yohan, Prus deb yozgan afzal.
Xullas, oʻzi talaffuz etilmaydigan va oʻquvchini chalkashtiradigan harfni saqlab qolishga hech qanday ehtiyoj yoʻq.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.