Isrof va uvol: farqi nimada?

Isrof va uvol: farqi nimada?

Maʼnodosh, maʼnosi bir-biriga yaqin soʻzlar baʼzi oʻrinlarda farqlanishi tilda bor hodisa. Isrof va uvol soʻzlari ham maʼno jihatidan yaqin, baʼzida bir-birining oʻrnida almashlab ham qoʻllash mumkin. Biroq ayrim holatlarda ikkisi ikki xil mazmunni anglatadi.

Isrof soʻzi arabchadan olingan, oʻzbek tilida ham asliyatdagidek maʼnoni bildiradi: nest-nobud qilish; oʻrinsiz yoki ortiqcha ishlatish, yoʻq qilish. Isrof sarf soʻzi bilan oʻzakdosh. Faqat u ortiqcha, keraksiz sarf. Isrof haqidagi tushuncha xalqimizga Islom dini taʼsirida singgan, dinimiz isrofni qoralaydi va undan qattiq qaytaradi.

Uvol ham arabchadan, asliyatda noqulay muhit; balo, ofat; falokat; kamchilik, nuqson kabi maʼnolarni bildiradi. Oʻzbek tilida esa ayb, nuqson; foydasiz yoki bevaqt yoʻq boʻlish, yoʻqolish; nest-nobud boʻlish; yuvosh, zaif; ogʻir, qiyin, ayanchli kabi maʼnolarga ega. Bugungi oʻzbek tilida asosan foydasiz yoki bevaqt yoʻq boʻlish, yoʻqolish; nest-nobud boʻlish maʼnosida ishlatiladi. Bu maʼnosi bilan isrof soʻziga sinonim sanaladi.

Endi maʼno qirralaridagi farqqa kelsak.

Deylik, kechki ovqat keragidan ortiqcha tayyorlandi va ortib qoldi. Saqlashning iloji yoʻq, ertalabga qolsa, ayniydi. Uni aynitib qoʻyish ham isrof, ham uvol. Lekin siz shu ortiqcha qismini bir amallab, istamasangiz ham yedingiz. Maqsad – uvol boʻlmasin. Toʻgʻri, bunda ovqat uvol boʻlmadi. Lekin baribir isrof boʻldi. Chunki unga ketgan ortiqcha masalliq olib qoʻyilganda, ertaga boshqa ovqatga ishlatilardi. Keragidan ortiq yeyish esa sizning sogʻligʻingizga, kayfiyatingizga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Sogʻliqning yomonlashishi kun kelib shifokor xizmatiga yoki dori-darmonlarga pul sarflashga, ovoragarchiliklarga sabab boʻlishi mumkin. Bular ham ehtimoliy ortiqcha sarflar, yaʼni isrofdir.

Isrof ham, uvol ham barakani ketkazadigan, odamni kambagʻallashtiradigan odatdir. Undan imkon qadar uzoq yurish kerak.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube