IT va AT
Savol:
Madrasadan IT taʼlimigacha.
Madrasadan IT taʼlimgacha boʻlgan yoʻl.
Yuqoridagi gaplarda -i qoʻshimchasi oʻrinlimi?
Javob:
Egalik qoʻshimchasi oʻrinli.
Lekin qisqartma inglizcha berilayotgani uchun egalik qoʻshimchasi qoʻshmasa ham boʻlaveradigandek koʻrinyapti. Chunki u sifat oʻrnida kelayotgandek taassurot qoldiryapti. Aslida qisqartma soʻzlar sifat boʻlmaydi, ot boʻladi.
Maslahat
- Iloji boʻlsa, soʻzni oʻzbekcha ishlating. Bu savdo belgisi yoki firma nomi emas. AT – axborot texnologiyalari deng.
- Egalik qoʻshimchasini qoʻllang. AT bilan ham, IT bilan ham.
❗️ Jonli tilda ayti soʻzi koʻp ishlatilyapti, bu inglizcha IT qisqartmasining talaffuz variantidir. Til yangi tushunchalarga ot qoʻya olmay qolganda oʻzlashma soʻzni hech qursa imloga moslash kerak. Imloga ham moslay olmasak, iloj qancha, aslidagiday olamiz-da.
📌 Demak:
Madrasadan AT taʼlimigacha, madrasadan IT taʼlimigacha, madrasadan ayti taʼlimigacha ✅
Madrasadan AT taʼlimgacha, madrasadan IT taʼlimgacha, madrasadan ayti taʼlimgacha ❌