Adabiy emakdosh: “emakdosh” nima degani?
Bu soʻzga ilk bor oʻquvchilik yillarim adabiyot darsliklarida duch kelgandim.
Milliy ensiklopediyaga koʻra, adabiy emakdosh – teatr sahnasida dramatik asar qoʻyishda rejissyorlarga, asar matnini tahlil va tahrir qilishda teatr jamoasiga yordam beruvchi adabiy xodim. Adabiy emakdosh asl nusxa hamda tarjima asarlarni tahrir qiladi, teatr ijodiy jamoasi bilan birga asarni sahnalashtirishda ijodiy faoliyat koʻrsatadi. Choʻlpon, Zafariy, Gʻayratiy, Komil Yashin kabi adiblar shu lavozimda ishlagan.
Emakdosh soʻzi tilimizda kasbdosh, xodim, emikdosh maʼnolarida qoʻllangan, lekin hozir eskirgan. Emikdosh maʼnosida qoʻllanishi xalq ogʻzaki ijodiga xos, bu talaffuzdagi oʻxshashlik sababli kelib chiqqan. Aslida emikdosh umuman boshqa maʼnoda – u bir onani emgan aka-uka, aka-singil, opa-singillarga nisbatan qoʻllanadi.
👉 Demak, adabiy emakdosh – adabiy xodim degani.
Sof turkiy soʻz boʻlgan emak hozir oʻzbekchada mustaqil ishlatilmaydi. Ammo emgak soʻzi bor, u mehnat, zahmat maʼnolarida ishlatilgan, lekin u ham jonli tilda qoʻllanmaydi hisob. Emek soʻzi hozirgi turkchada ayni shu maʼnoni ifodalaydi.
Emaklamoq degan soʻzning oʻzagi emakka borib taqaladi. Chunki ogʻir mehnat qilgan odam egilib ishlaydi. Emaklamoq soʻzida ham egilish maʼnosi aks etgan. Bu soʻzning emgaklamoq shakli ham bor.
*️⃣ Darslik va oʻquv qoʻllanmalarda qanday tushunarsiz soʻzlarga duch kelgansiz? Izohlarda qoldiring.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.