Ivan Bunin. Oydin kechada
Bu tushmidi yoki menga roʻyo boʻlib koʻrindimi?
Kuzning mungli toʻlin oyi anchadan beri koʻkda suzib yurganday, kun davomidagi mayda tashvishlar va yolgʻon-yashiqlardan orom oladigan vaqt kirganday tuyuldi menga. Menimcha, butun Parij, hatto eng chekkadagi gʻarib kulbalar ham uyquga choʻmgan edi. Uzoq uxladim, uyqu meni juda sekin tark etdi. U xuddi oʻz ishini qoyilmaqom bajargachgina ketadigan kuyinchak doʻxtirga oʻxshardi. Bunday tabib bemor sogʻayib, koʻksini toʻldirib nafas olgachgina, koʻzlarini ochib, hayotga qaytish quvonchi bilan kulib qaragachgina, xotirjam boʻladi. Uyqudan uygʻonganimda sokin va oydin tun choʻkkan edi.
Beshinchi qavatdagi xonamda sassiz qadam tashlab, derazalardan birining yoniga keldim. Gʻira-shira yorishib turgan keng xonaga koʻz tashladim, soʻng derazaning ustki oynasidan oyga tikildim. U meni oʻz nurlariga choʻmdirdi, men esa uning yuziga uzoq termulib turdim. Yogʻdular parda toʻrlari orasidan oʻtib, xonadagi qorongʻilikni biroz tarqatar edi. Bu tomondan oy koʻrinmasdi. Lekin toʻrtala oyna ham, ularning yon-atrofidagi narsalar ham yorishib turardi. Yogʻdu oqish-moviy va oqish-kumushrang deraza raxlari yonidan oʻtar, ularning qiyshiq va kulrang soyalari esa xiyol yorishib turgan kursi va oʻrindiqlarga oʻzini tashlagan edi. Eng chekka deraza yonidagi kursida men sevgan ayol oʻtirardi. Koʻylagi qizchalarnikiday oppoq, yuzi rangpar va chiroyli edi. U hozir ikkalamiz boshdan kechirgan va bizni koʻpincha gʻazabga mindirib, murosasiz dushmanlarga aylantiradigan jamiki narsalardan toliqib oʻtirardi.
Bu kecha uning ham uyqusi qochgan. Nega?
Ayolimga qarashdan qochdim, yoniga bordim-da, deraza tokchasiga oʻrnashdim… Ha, vaqt allamahal boʻlgan – qarshimizdagi besh qavatli uyning butun devori zim-ziyo. Derazalari xuddi soʻqir koʻzga oʻxshaydi. Pastga qaradim – koʻchaning tor va chuqur yoʻlagi ham qorongʻi va kimsasiz. Butun shahar shunday. Xira nur sochayotgan oygina bir tomonga biroz qiyshayib, gʻildirab boryapti, ammo tutunday yoyilgan bulutlar orasida harakatsizday koʻrinadi. Shahar boʻylab birgina u uygʻoq kezyapti. U toʻppa-toʻgʻri menga tikilib turibdi, biroz kemtilgan va shu sababdan gʻamgin koʻrinadi. Bulutlar uning oldidan tutunday suzib oʻtyapti. Oy yonida ular ancha yorugʻ edi, eriyotganga oʻxshardi, nariroqqa borib ancha quyuqlashdi, tomlarning chetiga yetganda esa butkul qora kiyib, zulmat bagʻriga singib ketdi…
Oydin tunni kuzatmaganimga ham ming yil boʻlgandi oʻzi! Oʻylarim yana olis, deyarli unutilgan kuz kechalariga yoʻl oldi. Bunday kechalarni bolaligimda, oʻrta Rossiyaning baland-past dashtlarida koʻrganman. Parijni xayolan tark etdim va butun Rossiya, yuksak osmon ostida yotgan ulkan kengliklar bir lahza koʻz oldimda namoyon boʻldi. Ana – Boykoʻl dengizining tilloday tovlanib turgan sathi. Manavi boʻlsa – sharqqa tomon yorishib borayotgan zim-ziyo qaragʻay oʻrmoni, bular esa – unda-bunda oʻrmonlar, botqoqliklar, siyrak daraxtzorlar. Ulardan quyida janubga tomon bepoyon dalalar va tekisliklar choʻzilgan. Oʻrmonlar orasidan yuz chaqirimlab oʻtgan temiryoʻl relslari oy nurida kuchsiz yaltiraydi. Yoʻl yoqasidagi uyqusiragan turfa rang chiroqlar koʻzlarini pirpiratib, vatanimga tomon birin-ketin chopib borayotganday. Oldimda past-baland dalalar, ularning oʻrtasida esa – zamindorning eski uyi. Nurab, tutday toʻkilay deb turgani oy nurida aniq koʻrinadi… Nahotki bu bolaligimda xonamga moʻralagan, oʻsmirligimda yoʻldosh boʻlgan oʻsha oy boʻlsa? Hozir u omadsiz yoshligimni eslab men bilan dardlashib turibdi, yorugʻ tun bagʻrida menga ovunch boʻlyapti…
– Nega uxlamayapsan? – ayolimning jurʼatsiz tovushi eshitildi.
Qaysarligimiz sabab uzoq davom etgan sukunatni birinchi boʻlib u buzdi, bu esa koʻnglimda ogʻriqli bir qoniqish hissini uygʻotdi.
– Bilmadim… Oʻzing-chi?
Yana uzoq jim qoldik. Oy tomlarga yaqin kelib qolgan, xonamizga oʻychan tikilib turadi.
– Kechir, – dedim unga yaqinlashib.
U javob bermadi va koʻzlarini qoʻllari bilan berkitdi.
Men uning qoʻllarini koʻzlaridan oldim. Yonoqlariga yosh dumalab tushdi, kipriklari yosh bolanikiday titranib turardi. Ayolimning qarshisiga tiz choʻkib, bagʻriga yuzimni bosdim. Ikkovimiz ham sel boʻlib yigʻladik.
– Nahot sen aybdor boʻlsang? – shivirladi ayolim. – Axir hammasiga men sababchimasmanmi?
Ayolimning koʻzyosh yuvgan yuzlariga shodon va mungli tabassum yoyildi.
Men esa ikkalamiz aybdor ekanimizni aytdim. Chunki ikkalamiz ham baxt qasamini buzdik. Ayni damda biz yana bir-birimizni oʻtli muhabbat bilan sevardik. Bunday hisni birga iztirob chekkan, birga yanglishgan, shu bilan birga, haqiqatning kamdan-kam uchraydigan lahzalarini ham birga qarshilaganlargina tuyishi mumkin.
Bizning baxtimizga xira tortgan, mungli oygina guvoh edi…
1899
Rus tilidan Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2016-yil 4-sonida chop etilgan.
Ivan Bunin
Atoqli rus yozuvchisi, shoiri va akademigi. Rus adiblari ichida birinchi boʻlib Nobel mukofotiga sazovor boʻlgan (1933).
1870-yilning 22-oktyabrida Rossiyaning Voronej shahrida dvoryan oilasida tugʻilgan. Birinchi sheʼriy mashqini sakkiz yoshida qogʻozga tushirgan. Matbuotda ilk bor 1887-yil fevralda chiqish qilgan – “Rodina” gazetasida “Nadson qabri yonida” nomli sheʼri chop etilgan. Ilk kitobi “Sheʼrlar” 1891-yili “Oryol xabarnomasi” gazetasiga ilova sifatida nashr qilingan.
“Mitinning muhabbati” (1924), “Quyosh zarbi” (1925), “Kornet Yelagin ishi” (1925), “Arsenyev hayoti” asarlari va “Qorongʻu xiyobonlar” hikoyalar turkumi mashhur.
Adabiyotshunoslar Ivan Buninni rus mumtoz adabiyotining soʻnggi vakili sifatida baholaydi.
Adib 1953-yil 8-noyabrda Parijda vafot etdi va Sent Jenevyev de Bua qabristoniga dafn etildi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.