Jangu jadalmi yo jangi jadal?

Jangu jadalmi yo jangi jadal?

Men soʻz qoʻllashi va tahririni jiddiy hurmat qiladigan yozuvchi va muharrirlar orasida jangu jadal soʻzini jangi jadal tarzida ishlatadiganlar bor. Ularning dalili kuchli: jadal soʻzi oʻzbekchada tez, shoshilinch degan maʼnoni bildiradi, bundan kelib chiqilsa, shiddatli jang maʼnosida jangi jadal boʻladi, jangu jadal emas.

Izohli lugʻatda jang-jadal va jangu jadal soʻzlariga shiddatli janglar, qizgʻin janglar, kurashlar deb taʼrif berilibdi. Bu taʼrifga koʻra ham, jangu jadal emas, jangi jadal deb qoʻllagan toʻgʻri.

Lekin men jangu jadal ham xato emas deb hisoblayman. Dalilim bor.

Jadal soʻzi arabchadan olingan, asliyatda bahs, munozara; burash, eshish maʼnolarini anglatadi. Navoiy asarlari lugʻatida bu soʻz tortishish, bahs, munozara; gʻayrat, urinish deb sharhlangan. Navoiy jadalni xuddi shu maʼnoda, alohida soʻz shaklida ishlatilgan oʻrinlar bor.

Kinu jadal, mojarovu jadal tarzidagi birikmalarda jadal bahs, tortishish maʼnolarini beradi. Bahsu jadal soʻziga esa urush, janjal deb izoh berilgan.

“Boburnoma”da shunday jumla bor: “Agar Xoja barin boʻlsa, Samarqand bejangu jidol osonliq bila muyassar boʻlur”. Gapdagi jidol jadalning koʻpligi, urushlar, kurashlar maʼnosidadir. Bejangu jidol – jangu jadallarsiz, jang va kurashlarsiz.

Muqimiy sheʼriyatida ham shu ibora uchraydi:

 

Ot boʻlub tishlab-tefarni, bilmagan jangu jidol,

Bogʻlasang har yerga ham (kim koʻb) yuvosh oʻlgan otim.

 

Shoir oti tishlab-tepishni, tixirlikni, yaʼni egasi bilan jang-jadal qilishni bilmagani, qayerga bogʻlasa, indamay koʻnadigan yuvosh ot boʻlganini taʼriflayapti.

Akademik shoir Gʻafur Gʻulom bir sheʼrida yozadi:

 

Hayotda, mehnatda, jangu jadalda

Qahramon xalqlarmiz – xullasi kalom.

 

Oʻzbek, fors va arab tillarini chuqur bilgan, mumtoz adabiyot bilimdoni boʻlgan shoir bu misrada jadal soʻzini aynan kurash maʼnosida ishlatgan deb oʻylayman.

Yuqoridagi misollar jadal soʻzi kurash, tortishish maʼnosida tilimizda qoʻllangani, jangu jadal esa jang va kurashlar maʼnosida ekanini koʻrsatadi. Garchi jadal soʻzi bugungi tilda faqat tez, shoshilinch maʼnosida ishlatilayotgan boʻlsa-da, jangu jadal iborasi tarkibida asliyatdagi maʼnosini saqlab qola olgan.

Xoʻsh, unda jangi jadal xatomi? Yoʻq. U jadal soʻzining bugungi maʼnosiga moslashgan. Forsiy izofa shaklidagi bu iborani shiddatli jang maʼnosini ifodalashda bemalol qoʻllash mumkin.

 

📌 Demak,

Jang-jadal

Jangu jadal

Jangi jadal

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube