Kapalakning zaif qanotlari

Kapalakning zaif qanotlari

Tokcha chetida bir pilla qolib ketgan edi. Unda kichkina tirqish paydo boʻldi. Uy egasining koʻzi toʻsatdan shu pillaga tushib qoldi va kapalak uni qanday qilib yorib chiqishga urinayotganini kuzata boshladi. Oradan ancha vaqt oʻtdi. Kapalak urinishdan toʻxtaganga oʻxshar, tirqishning kattaligi esa oʻzgarmaganday edi. Goʻyo u qoʻlidan kelgan hamma ishni qilganu bu yogʻiga madori umuman
qolmaganday edi.

Odam unga yordam berishga qaror qildi. Qalamtaroshini oldi-da, pillani kesib, teshikni kattaytirdi. Kapalak shu zahoti tashqariga chiqdi. Lekin uning tanasi judayam kuchsiz va nimjon edi, nozik qanotlari zoʻrgʻa qimirlardi.

Uy egasi kuzatishda davom etdi. Kapalak hozir qanotlarini yoyadi-da, uchib ketadi, deb oʻyladi u. Ammo hech bir oʻzgarish boʻlmadi!

Kapalak umrining qolgan qismini oʻlimsangi tanasi va ochilmagan qanotlarini yerga sudrab oʻtkazdi. Ucha olmadi.

Nega bunday boʻldi? Chunki unga yordam bermoqchi boʻlgan odam pillaning kichkina tirqishidan chiqish uchun kapalakka qoʻshimcha vaqt va kuch kerakligini anglamadi. Tanasidan yetib kelgan suyuqlik kapalakning qanotlarini harakatga keltirar, u shundagina ucha olardi. Hayot uning oldiga ana shu qobiqni yorib chiqish mashaqqatini qoʻygan, evaziga esa oʻsish-rivojlanishni vaʼda etgan edi.

Jismoniy-maʼnaviy jihatdan bir pogʻona yuqorilash, tajriba orttirib, oʻz yoʻlimizni topish uchun baʼzida qiyinchiliklarga ehtiyoj sezamiz. Ularsiz biz gʻoʻr va moʻrt boʻlib qolamiz. Agar ularni sabr-bardosh, matonat bilan yengmasak, oʻz kuchimizga, Xudo bergan qobiliyatimizga ishonmasak, hech qachon chiniqa olmaymiz. Imkoniyatlarimiz, iqtidorimiz kapalakning zaif qanotlari kabi foydasiz boʻlib qoladi.

 

Orif Tolib

 

“Yoshlik” jurnalining 2017-yil 7-sonida chop etilgan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube