Kichkinagina aybginasi bor
Uzoq zamonlarda bir boy kishi baquvvat, sogʻlom bir qul sotilayotganiga koʻzi tushibdi. Sotuvchi xizmatkorning birgina aybi borligini – yolgʻon gapirib turishini aytibdi. Boy bu nuqsonni ahamiyatsiz sanab, uni sotib olibdi.
Oradan biroz vaqt oʻtibdi. Kunlarning birida xizmatkor boyning xotiniga: “Bekam, bir qoshiq qonimdan kechsangiz, sizga bir gap aytaman. Ogoh boʻling, eringizning sizdan koʻngli qolgan, boshqasiga uylanmoqchi. Uning sevgisini oʻzingizga qaytarish uchun dandonsopli pichoqni oling, paytini topib eringizning soqolidan besh-oʻn donasini kesing, soʻng azayimxonga olib borib oʻqiting”, debdi.
Xotinni “ogohlantirgach”, toʻgʻri erning oldiga boribdi: “Xoʻjayin, bir gap bor-u, aytishga tilim bormayapti. Lekin aytmasam, keyin kech boʻlishi mumkin. Xotingiz boshqasini sevib qolgan, sizdan qutulish payiga tushgan. Bugun tunda sizni oʻldirmoqchi ekanidan xabar topdim. Agar menga ishonmayotgan boʻlsangiz, kechqurun oʻzingizni uxlaganga solib yoting, xotiningiz qoʻlida pichoq bilan sizga yaqinlashadi”, debdi. Xoʻjayin xizmatkor aytganiday yoʻl tutibdi: kechasi oʻzini uxlaganga solib poylab yotibdi, xotini pichoqni soqoliga yaqinlashtirgan zahoti qoʻllarini qayiribdi. Biror soʻz aytishga qoʻymay, uni oʻldiribdi.
Bu haqda xabar topgan xotinning qarindoshlari esa erni oʻldiribdi. Natijada ikki qabila oʻrtasida katta mojaro kelib chiqib, koʻp begunoh odamlarning qoni toʻkilibdi.
Ruschadan Orif TOLIB tarjimasi
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.