Koʻcha nomlari va uy raqamlari qanday yoziladi?

Koʻcha nomlari va uy raqamlari qanday yoziladi?

Koʻcha nomlari tarkibida atoqli ot yoki turdosh ot qatnashganidan qatʼi nazar, bosh harfda va qoʻshtirnoqsiz yoziladi:

 

Abdulla Qodiriy koʻchasi, Mustaqillik shohkoʻchasi, Navroʻz koʻchasi, Uylanish koʻchasi.

 

Koʻcha nomidagi turdosh ot birdan ortiq soʻzdan iborat boʻlsa, faqat birinchi soʻz bosh harfda yoziladi:

 

Sharq tongi koʻchasi, Bahor nafasi koʻchasi, Buyuk ipak yoʻli koʻchasi.

 

Oddiy uy raqamlarini yozishda muammo yoʻq: 14-uy, 30-uy kabi. Lekin qoʻshimcha harfiy belgiga ega raqamlarni yozishda chalkashliklar bor. Mantiqqa koʻra, raqamdan keyin kichik harf bilan yozgan toʻgʻri, joy ham tashlamaslik kerak: 14a-uy, 30b-uy kabi. Nega bu shakl toʻgʻri? Chunki harf bir xil raqamli ikki uyni farqlash uchun qoʻshilyapti xolos. Belgini bosh harfda yozishga ham, qoʻshtirnoqqa olishga ham ehtiyoj yoʻq.

Lekin amaliyotda 14A-uy, 14-A, 14-“A” uy kabi variantlar ham uchrab turadi. Birinchisiga chidasa boʻladi. Koʻzga yaxshi tashlanishi uchun bosh harf bilan yozilyapti deyish mumkin. Lekin ikkinchisi xato. Chunki -inchi qoʻshimchasini ifodalaydigan chiziqcha uy soʻzidan oldin qoʻyilishi kerak. Axir raqam va harf uyning tartibini ifodalayapti-ku. Qoʻshtirnoqqa ham hojat yoʻq.

 

❗️ Bunday qoida “Toshkent shahrida joylashgan shaxsiy va koʻp qavatli uy-joylar, maʼmuriy, madaniy va maishiy binolarni tartibli raqamlash va koʻcha koʻrsatkichlarini oʻrnatish tartibi”da ham belgilab qoʻyilgan ekan. Toʻgʻri, faqat Toshkent shahri uchun, lekin boshqa hududlarga ham tatbiq qilsa boʻladi:

Koʻcha yoʻnalishidagi uy-joy va maʼmuriy binolar oraligʻida paydo boʻlgan yangi inshootga yondosh binoning tartib raqamidan kelib chiqib, misol tariqasida 1a, 1b, 1v, 1g shaklda harflanadi yoki 1/1, 1/2, 1/3, 1/4 koʻrinishda droblanadi.

 

📌 Demak:

Abdulla Qodiriy koʻchasi, Mustaqillik shohkoʻchasi, 1a-uy

“Abdulla Qodiriy” koʻchasi, “Mustaqillik” shohkoʻchasi, “Mustaqillik” shoh koʻchasi, 1-A uy, 1-“A” uy

 

Mavzu aloqador:

👉 Manzil qanday yoziladi?

👉 MFY va QFYlar nomi qanday yozilishi kerak?

👉 Xorijiy joy nomlari imlosi va erkinlik hissi

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.