Koʻklam
Kasaldayin holsiz, siniqqan
Tabiatga rang berdi koʻklam.
Qon yugurdi mudroq, namiqqan
Ogʻochlarning tanasiga ham.
Ularga gul-chechaklar taqib,
Boshladi bir toʻy ayyomini.
Qizgʻaldoqdan olovlar yoqib
Yangiladi hayot shamini.
Ana, yal-yal kiyimli qizlar
Ketib borar Navroʻz sayliga.
Tiriladi biz kutgan hislar,
Chorlar yana bogʻlar sayriga.
Devorlarga koʻkragin berib,
Qiziqsinib boʻy choʻzar anor.
Qizchalarday qizgʻaldoq terib
Oʻynab yurar koʻchada bahor.
Hovlilarda, dashtu dalada
Bir ezgulik ruhi kezadi.
Hayot joʻshgan shunday pallada
Koʻngilga bir epkin esadi.
Koʻklam – koʻngli toza bolakay
Hammamizga gul-chechak tutar.
Va zarracha shubhaga bormay
Hammamizdan yaxshilik kutar.
Orif Tolib
2011