Yoz
Odamlar sochilgan keng dalalarga,
Hammani birdayin bodroq qilar yoz.
Botib ketsa hamki qop-qora terga
Hech kim bosh koʻtarmas, chiqarmas ovoz.
Tobora avj olar jizgʻanak oʻyin,
Qushlar ham sayramas, nafas yutadi.
Hamma dimiqqandan qisadi boʻyin,
Yengil shabadani intiq kutadi.
Yoz – magʻrur. Goʻyo u mangu hukmron,
Bilmaydi dunyoning ters, torligini.
Bilmaydi bor-budi boʻlishin vayron,
Oldinda qasoskor kuz borligini.
Orif Tolib
2011
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.