Ijod haqida gurunglar
Konstantin Paustovskiy
“Tilla atirgul” kitobidan
Har bir daqiqa, har bir tasodifiy soʻz yoki nigoh, har bir teran yoki kulgili fikr, inson yuragining sezilmas har bir harakati (uni terakning uchar momiqlari yoki tun yotogʻini yoritayotgan yulduzlar yogʻdusiga qiyoslash mumkin) – bularning bari tilla chang zarralaridir.
Biz, adabiyotchilar ularni oʻn yillar mobaynida toʻplaymiz, bu million-million qum zarralarini oʻzimiz sezmagan holda oʻzimiz uchun yigʻamiz, qotishmaga aylantiramiz, soʻng ana shu qotishmadan oʻz “tilla atirgul”imizni – qissa, roman yoki dostonimizni yoʻnamiz.
***
Yozuvchilik kasb-hunar yoki mashgʻulot emas. Yozuvchilik – qismatdir. Baʼzi soʻzlarni, ularning ohangini ilgʻash barobarida soʻzlarning dastlabki maʼnosini topamiz…
Inson hech qachon hunarmandchilikka chorlanmaydi. Burchni yoki ogʻir yumushni bajarish uchun chorlanadi.
Yozuvchini goho ogʻriqli, lekin huzurbaxsh bunday mehnatga nima chorlaydi?
Avvalo, oʻz yuragining ovozi. Eʼtiqod va vijdon ovozi kelajakda haqiqiy yozuvchini bachkigul singari yashashga qoʻymaydi, qalbini toʻldirib turgan turfa xil fikr va tuygʻularni odamlarga hotamtoylik bilan ulashishga majbur etadi.
Kishilarning koʻziga ozgina boʻlsa-da ziyo ulashmagan yozuvchi yozuvchi emas.
Odam yuragining chorlovi bilangina yozuvchi boʻlib qolmaydi. Yurak ovozini biz koʻproq yoshligimizda eshitamiz, bu paytda tuygʻularimizning pokiza olamini hech narsa quritmagan, payhon qilmagan boʻladi.
Lekin balogʻat yillari ham keladi, yuragimiz tovushidan tashqari yangi va kuchli chorlovni – oʻz davrimiz va xalqimizning, insoniyatning chorlovini eshitamiz.
***
Ijod haqida oʻylaganimda koʻpincha oʻzimdan soʻrab qolaman: qachon boshlangandi oʻzi bu? Umuman, ijod qanday boshlanadi? Nima insonni umrining soʻngiga qadar qoʻlidan qoʻymaslik sharti bilan qalam tutishga majbur etadi?
Qachon boshlanganini eslolmayman. Menimcha, yozuvchilik odamda taxlam-taxlam qogʻozlarini qoralamasidan oldin, ruhiy holat sifatida dunyoga keladi. Balki oʻsmirligida, balki bolaligidadir.
Bolalik va oʻsmirlikda olamni katta boʻlganimizdagidan koʻra ayricha koʻramiz. Bolalikda quyosh taftliroq, maysalar qalin, yomgʻirlar moʻl-koʻl, osmon moviyroq va har bir odam favqulodda qiziqarli tuyuladi.
Bolalar uchun katta odam borki sirli koʻrinadi – xoh u randa-tesha koʻtargan, kiyimlaridan payraxa hidi anqigan duradgor boʻlsin, xoh oʻt-oʻlanlar nimaga yashil rangda ekanini biladigan olim boʻlsin.
Hayotni, atrof-borliqni shoirona his etish – bizga bolalikdan ato etilgan qobiliyat.
Agar odam uzoq hushyorlik yillarida ana shu qobiliyatni boy bermasa, u yo shoir, yoki yozuvchi boʻladi.
Hayotni muntazam yangilanish bulogʻi sifatida his etish sanʼat gullab-yashnashi va kamol topishi uchun katta manba-asosdir.
Toʻgʻrisi, gimnaziyada oʻqib yurganimda men ham sheʼrlar yozganman. Juda koʻp yozganimdan bir oyda semiz bir umumiy daftarni toʻldirardim.
Sheʼrlarning ahvoli maʼlum – balandparvoz, jimjimador edi. Lekin oʻsha paytda menga juda chiroyli koʻrinardi…
***
…Badiiy asar gʻoyasi qanday tugʻiladi?
Bir paytda tugʻilib, bir paytda oʻsib-rivojlanadigan ikki gʻoya deyarli boʻlmaydi. Yuqoridagi savolga javobni umumiy emas, har bir alohida hikoya, roman yoki qissa bilan bogʻliq holda izlash zarur.
Gʻoya paydo boʻlishi uchun nima qilish kerak yoki yanada quruqroq til bilan aytadigan boʻlsak, gʻoya paydo boʻlishi uchun qanday shart-sharoitlar zarur, degan savolga oson javob berish mumkin. Gʻoyani yozuvchining ichki olami tayyorlaydi va yuzaga chiqaradi.
Gʻoya hosil boʻlishini qiyos yoʻli bilan yaxshiroq tushuntirish mumkin. Qiyoslash baʼzida eng murakkab narsalarga ham favqulodda tushunarlilik baxsh etadi…
Gʻoyaning paydo boʻlishini tushunishga yordam beradigan qiyos birmuncha sodda. Asar gʻoyasi bu – chaqmoq. Yer ustida koʻp kunlar mobaynida elektr yigʻiladi. Atmosfera elektr bilan limmo-lim toʻlganda toʻp-toʻp oq bulutlar momaqaldiroq soluvchi dahshatli qora bulutlarga aylanadi. Ular ichida quyuq elektr dimlanishidan birinchi uchqun – chaqmoq paydo boʻladi.
Chaqmoq chaqqan zahotiyoq sharros yomgʻir quya boshlaydi.
Gʻoya ham fikrlar, hissiyotlar va xotiralar bilan boyigan inson ongida chaqmoqday paydo boʻladi. Bularning bari asta-sekin yigʻilib boradi va payti kelib toʻla boʻshashni taqozo etadi. Siqilgan va hali pala-partish bu olam chaqmoqni – gʻoyani dunyoga keltiradi.
Gʻoya xuddi chaqmoq singari arzimagan turtki sabab yuzaga chiqadi.
***
Ijod jarayoni haqida juda koʻp toʻqib-bichilgan fikrlar, xurofot gaplar bor. Baʼzilari shunday bemaza, shunday tuturuqsizki, ular oldida chorasiz qolasan kishi.
Hammasidan ham ilhom masalasi ana shu bemazalik qurboni boʻlgan.
U deyarli hamisha tushuniksiz zavq bilan koʻkka tikilgan yoki qalam tishlab turgan shoir qiyofasida boʻrttirilib taqdim etiladi. Nodonlar uchun shunday…
…Ilhom – insonning qatʼiy ish holatidir. Qalbdagi koʻtarilish sahnaga xos yasama turishu koʻtarinkilik bilan ifodalanmaydi.
Shu bilan birga, ogʻiz koʻpirtirib maqtaladigan “ijod toʻlgʻogʻi” bilan ham.
Pushkin ilhomga aniq va sodda taʼrif bergan: “Ilhom – koʻngilning hissiyotlarni jonli qabul qilishga, tushunchalarni tez fahmlashga boʻlgan ragʻbatidir. U yuqorida sanalganlarni tushuntirish, anglatish imkonini beradi”. “Tanqidchilar, – deb davom etgan u, – ilhom bilan zavq-shavqni chalkashtirib yuboradi”. Xuddi oʻquvchilar baʼzan haqiqat bilan haqiqatsimon narsani chalkashtirgani singari…
Chaykovskiy ilhom – qoʻllarni noz bilan silkitish emas, xuddi hoʻkizdek, bor kuch-gʻayrat bilan ishlash ekanini taʼkidlaydi.
***
Kitobxonlar yozuvchilardan asarlariga qay tarzda va qancha vaqt mobaynida material yigʻishini tez-tez soʻraydi. Ataylab material yigʻilmasligi aytilganida esa koʻpincha hayron qolishadi.
Yuqoridagi fikrlar yozuvchining u yoki bu kitobi uchun zarur boʻlgan ilmiy materialni oʻrganishiga aloqador emas, albatta. Gap jonli hayotni kuzatish haqida ketyapti.
Hayotiy material, Dostoyevskiy taʼbiri bilan aytsak, “hayot tafsilotlari” oʻrganilmaydi. Taʼbir joiz boʻlsa, yozuvchilar ana shu material ichida yashaydi – umr kechiradi, qaygʻu chekadi, oʻylaydi, quvonadi, katta va kichik voqealarda qatnashadi. Shubhasiz, hayotning har bir kuni ularning ongi va yuragida oʻz izini qoldiradi.
Oʻquvchilar (aytgancha, yosh yozuvchilar ham) tasavvurlarini oʻzgartirishlari kerak: yozuvchi yondaftarini koʻtarib har yerda kezib yuruvchi, hayotni kuzatib, qogʻozga koʻchirib boruvchi odam emas.
Oʻzini kuzatuvlar yigʻishga, (shunchaki unutib qoʻymaslik uchun) qaydlar toʻplashga majburlagan kishi, albatta, bir dunyo narsa yigʻadi, biroq ulardan foyda yoʻq, ular – oʻlik. Boshqacha aytganda, agar ana shu kuzatishlarni qayddaftardan olib, nasrning jonli toʻqimalariga koʻchirib oʻtkazilsa, deyarli barcha hollarda ular ifodaliligini yoʻqotadi va begonaligi yaqqol sezilib qoladi.
Hech qachon anavi bir tup chetan yoki manavi oqsochli barabanchi qachondir hikoyamga kerak boʻlib qoladi, shuning uchun diqqat bilan, hatto bir qadar yasamalik bilan ularni kuzatishim kerak, deb oʻylamaslik zarur. Tabiiy shaklda, “yurak amri bilan” kuzatish darkor.
Hech qachon hatto eng muvaffaqiyatli kuzatuvlarni ham hikoyaga majburlab kiritmaslik kerak. Kerak boʻlganda ular oʻzlari keladi va oʻz oʻrnini topadi. Qachondir boʻlgan va butunlay unutilgan voqea yoki qandaydir tafsilot aynan eng zarur paytda xayoliga lop etib tushganidan yozuvchining oʻzi ham koʻpincha hayron qoladi.
Yozuvchilikning asoslaridan biri – yaxshi xotiradir.
***
Deyarli har bir yozuvchining ilhomlantiruvchisi bor. Bunday ajoyib ilhomchi odatda boshqa bir yozuvchi boʻladi.
Bunday adibning asaridan bir necha jumla oʻqishning oʻzi kifoya – oʻsha zahotiyoq sening ham nimadir yozging kelib qoladi. Goʻyo bir necha kitobdan maʼjun-sharbat otilib chiqadi-da, bizni sarxush etib, qoʻlga qalam olishga majburlaydi.
Hayron qolarlisi, koʻpincha bunday mehribon daho ijodining xarakteri, yoʻsini va mavzulariga koʻra bizdan uzoq boʻladi.
Men bir yozuvchini bilaman – borini boricha yozadigan qatʼiy realist, jiddiy va vazmin odam. Ammo unga fantast yozuvchi Aleksandr Grin asarlari ilhom bagʻishlaydi.
Arkadiy Gaydar Dikkensni ilhomchim deb ataydi. Oʻzimga keladigan boʻlsak, Stendal qalamiga mansub “Rimdan maktublar”ning istalgan sahifasi menda yozish istagini uygʻotadi. Biroq men Stendal nasridan juda uzoq narsalar yozaman, bu hol hatto oʻzimni ham hayratga soladi. Bir kuz Stendalni oʻqib, Pra daryosi boʻyidagi qoʻriqxona-oʻrmonlar haqidagi “273-kordon” hikoyamni yozganman. Unda Stendalga bogʻliq biror narsani mutlaqo topib boʻlmaydi.
Tan olaman, bu holat haqida bosh qotirib koʻrmaganman. Balki unga ham biror izoh, sabab topish mumkindir. Bir qaraganda ahamiyatsiz koʻrinadigan, ammo yozuvchiga ishlashida yordam beradigan koʻplab vaziyat va koʻnikmalar borligini aytish uchungina bu haqda esladim…
Rus tilidan
Orif Tolib
tarjimasi
Konstantin PAUSTOVSKIY
(1892–1968)
Rus mumtoz adabiyoti vakili. Ilk kitobi – “Roʻparadagi kemalar” (1928). “Qoraboʻgʻoz” qissasi bilan shuhrat qozongan. “Sharly Lonsvil taqdiri”, “Kolxida”, “Qora dengiz”, “Tozi it yulduzlar turkumi”, “Shimol qissasi”, “Meshyora tomonlarda” kabi qissalar, “Romantiklar”, “Yarqiroq bulutlar” kabi romanlar, bir qator pyesa, hikoya, ocherk va ertaklar muallifi. Asarlari asosida qator filmlar suratga olingan. “Tilla atirgul” qissasida ijod mohiyati haqida soʻz boradi.
“Yoshlik” jurnalining 2016-yil 6-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.