Kosada shoʻrva, piyolada choy ichiladi
Xorazm shevasida piyola kosa deyiladi. Bu boshqa sheva egalariga anchagina gʻalati eshitilishi mumkin. Chunki kosa piyoladan kattaroq, asosan suyuqlik va turli ovqatlar solib ichish uchun ishlatiladigan idishdir. Piyola esa tubidan yuqoriga tomon kengayib boradigan, kosadan kichik, taglikli idish. U asosan choy ichish uchun ishlatiladi.
Piyola qozoq tilida kese, shыnы-ayaq, qirgʻiz tilida chыnы deyilar ekan. Oʻzbek tilida chinni soʻzi kulolchilik buyumlarining turini anglatadi. Piyola, kosa va tovoqlar chinnidan ishlangan boʻlishi mumkin.
Vodiy shevalarida ham kosa soʻzi oʻrnida chinni soʻzini ishlatish koʻp uchraydi. Lekin bunda faqat chinni kosalar nazarda tutiladi. “Chinnini uzatib yubor!” deganda faqat chinni kosani uzatish kerak, uning oʻrniga sopol kosa olib borgan kishi dakki eshitishi mumkin.
Izohli lugʻatga koʻra, piyola fors tilidan kirib kelgan. Ildizi yunoncha phiale soʻziga borib taqaladi. U suv ichiladigan yassi kosachani anglatgan. Chinni soʻzi esa Chinga – Xitoyga oidlikni bildiradi. Oldin chinni idishlar xitoydan keltirilgan, shu sabab ularga bunday nom berilgan.
Orif Tolib