Koʻzga koʻrinmaydigan kitob bormi?
- Eng koʻp tilga tarjima qilingan adabiy asarlar mashhur detektiv yozuvchi Agata Kristiga tegishli. Adiba kitoblari yuzdan ortiq dunyo tillariga tarjima qilingan va toʻrt milliarddan ortiq nusxada chop etilgan.
- Zamonaviy adiblar ichida eng sermahsuli braziliyalik yozuvchi Joze Karlos Inuedir. U 1046 ta ilmiy-fantastik, sarguzasht romanlar muallifidir. Qizigʻi, u shuncha asarni oʻn yil ichida 1986–1996-yillar oraligʻida qogʻozga tushirgan.
- Eng uzun roman fransuz yozuvchisi Jyul Romen (asl ismi Lui Anri Farigul)ga tegishli. Uning “Ixtiyori oʻzida odamlar” romani 1932–1946-yillar oraligʻida 27 jildda nashr etilgan.
- Eng keksa mualliflar – amerikalik Sara va Elizabet Delenilardir. Ular 1994-yili “Opa-singil
Delenilarning kundalik hikmatlari” nomli kitob eʼlon qiladi. Bu paytda opa 105, singil 103 yoshda edi. 1997-yili esa Sara Deleni kitobning davomini yozib, “Oʻzimning 107 yoshimda” nomi bilan chop ettiradi. - Eng katta ensiklopediya “Yevro-amerika universal bezakli ensiklopediyasi”dir. 105 ming sahifadan iborat bu kitob 104 jildga jo boʻlgan.
- Hozircha eng mitti kitob Yaponiyada bosilgan “Har mavsumga gullar” kitobi boʻlib turibdi. 0,75 millimetrli bu sanʼat asarini oddiy koʻz bilan tugul, koʻzoynak taqib ham koʻra olmaysiz.
- Eng koʻp sotilgan kitob – “Ginnesning rekordlar kitobi”dir. U AQSH kutubxonalaridan oʻgʻirlanishi boʻyicha ham rekord qayd etgan. Bu toʻplam ilk bor 1955-yili chop etilgan.
- Eng qadimgi kitob doʻkoni Portugaliyadagi “Livraria Bertrane”dir. U 1732-yildan beri faoliyat yuritib ketadi.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
“Yoshlik” jurnalining 2019-yil 8-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.