Senzura talabi bilan
Rus tilining bir nechta izohli lugʻati bor. Shulardan biri – Ojegov izohli lugʻati. Kitob hajmi ortib ketmasligi uchun va lugʻatchilik prinsiplariga koʻra, lugʻatga kishining qayerdanligini bildiruvchi va joyga xoslikni anglatuvchi soʻzlar kiritilmagan. Shu sababli undan moskvich – moskvalik, moskovskiy – Moskvaga xos, orenburjets – orenburglik, orenburgskiy – Orenburgga xos kabi soʻzlar joy olmagan.
Lekin Ojegov lugʻatiga istisno tariqasida leningradets (leningradlik) soʻzi kiritiladi. Baʼzi manbalarga koʻra, bu leningradskiy soʻzi boʻlgan. Istisno oʻsha davr siyosati va senzura talabi bilan kiritilgan.
Chunki…
Lugʻatda lenivыy (dangasa) va leninets (leninchi) soʻzlarining ketma-ket kelishi koʻngli nozik senzura eʼtiborini tortgan. Axir dangasa leninchi degan mazmun kelib chiqishi mumkin-da! Noqulay “qoʻshni”larni ajratish uchun ular orasiga nimadir qoʻshish kerak edi. Ana shu talab tufayli leningradets (yoki leningradskiy) soʻzi lugʻatdan joy olgan. Lugʻatning keyingi nashrlaridan esa bu soʻz chiqarib tashlangan.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.