Darvesh
Shoir Abduvali Qutbiddin vafot etibdi. Inna lillahi va inna ilayhi rojiun. Alloh rahmatiga olsin.
Kitoblarda darveshlar haqida oʻqigandim-u, ularga xos feʼl-atvorli odamni hayotda uchratmagandim.
Men Abduvali akani ilk bor sheʼrlari orqali taniganman. Modernistik uslubdagi sheʼrlari murakkabroq, tushunilishi qiyin tuyulgan menga. Lekin mana shu qiyinlik tafakkurni oʻtkirlaydi, tuygʻuni anglashni oʻrgatadi.
“Yoshlik” jurnalida ishlab yurganimda Abduvali Qutbiddin bilan shaxsan tanishdim. U kishining bir turkum sheʼrlarini tahririyat tashabbusi bilan jurnalda bergandik. Bir kuni ishxonaga Abduvali aka kirib keldi, ozgina gurung berdi. Eski qadrdonligi sabab rahbarimiz Nodir Jonuzoq bilan koʻproq gaplashdi. Oʻshanda shoir haqidagi tasavvurlarim mutlaqo oʻzgardi.
Qarshimda tirik darvesh oʻtirardi. Ochiq koʻngilli, samimiy, begidir, sodda. Koʻzlarida bolalarga xos ishonuvchanlik, begʻuborlik bor. Dunyo ishlaridan, turli oʻyinlaru mugʻombirliklardan ozurda qalb ovozini eshitganday boʻldim. Murakkab ifodali, qavatma-qavat, tafakkurni “majburiy mehnat”ga yoʻllaydigan sheʼrlarni goʻyo boshqa bir shoir yozganday. Xullas, kitobdagi Abduvali Qutbiddin biroz “yopiq” uslubi bilan oʻziga xos boʻlsa, hayotdagisi mutloq ochiqligi bilan oʻziga xos edi.
Oʻsha suhbatdan keyin taassurotimni Nodir akaga ham aytgandim. “Abduvali Qutbiddin tirik darvesh ekan-ku. Bu feʼl-atvor bilan qanday qilib rasmiy gazetada ishlar ekan-a”, degandim. Toʻgʻrisi, bunday tabiatli shoirni birinchi MARTA koʻrib turgandim.
Yaxshi odamlarning oʻrni hamisha bilinadi. Ularni tanish-tanimasligimizdan qatʼi nazar.
Menda yorugʻ xotiralar qoldirgan ajoyib bu shoirning vafoti haqida eshitib, qaygʻuga tushdim. Yaqinlariga Alloh sabr bersin. Abduvali akaning haqqiga duo qilaman.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.