Kuchli odamlar hamisha oddiy boʻladi
Lev Tolstoy hikmatlaridan
- Agar gapirmaganingga bir MARTA afsuslansang, sukut saqlamaganingdan yuz bor nadomat chekasan.
- Agar oʻqituvchi faqat ishga muhabbatli boʻlsa, u yaxshi oʻqituvchi. Agar faqat oʻquvchini suysa, unga xuddi ota-onasiday mehrli boʻlsa, hamma kitoblarni oʻqigan-u, lekin ishini va oʻquvchilarini yaxshi koʻrmaydigan muallimdan afzaldir. Agar oʻqituvchi oʻzida ishiga va shogirdlariga muhabbatni jam qila olgan boʻlsa, toʻkislik maqomiga erishibdi.
- Axloqiy faoliyat insonning eng yuksak vazifasidir.
- Barcha baxtli oilalar bir-biriga oʻxshash, lekin har bir baxtsiz oila ayricha baxtsiz.
- Baxt – tabiat bilan boʻlish, uni koʻrish, u bilan muloqot qilishdir.
- Gʻiybat odamlarga juda yoqadi. Birovni muhokama qilmaslik va bu bilan suhbatdoshingni ajoyib huzurdan mosuvo eta olish juda qiyin ish.
- Koʻp bilish emas, eng keragini bilish muhim.
- Kutishni bilgan odam hamma narsaga erishadi.
- Kuchli odamlar hamisha oddiy boʻladi.
- Mayli, har kim oʻz eshigi oldini tozalasin. Agar har kim shunday qilsa, hamma koʻchalar toza boʻladi.
- Men sevadigan hamma narsamga ega emasman. Lekin oʻzimda bor barcha narsani sevaman.
- Muhabbat – sevadigan kishingning hayoti bilan yashashdir.
- Nikoh singari oʻta muhim, keskin, hamma narsani oʻzgartiradigan va ortga qaytish imkonsiz boʻlgan ish yoʻq. Faqat oʻlim shunday, xolos.
- Odam koʻnikmaydigan sharoit yoʻq. Ayniqsa, atrofdagi hamma shunday yashayotganini koʻrsa, bu juda oson kechadi.
- Odam hamisha baxtli boʻlishi kerak; agar baxting tamom boʻlayotgan boʻlsa, yaxshilab razm sol, qayerdadir xato qilding.
- Odamlar koʻpincha vijdonlari tozaligi bilan magʻrurlanadi. Aslida, ularning xotirasi yaxshi ishlamaydi.
- Odamlar
muhabbat bilan tirik; oʻzingga muhabbat – oʻlimning boshlanishi, Xudoga va odamlarga muhabbat esa hayotning boshlanishidir. - Odamlarni qanday gapirishga oʻrgatishadi. Asl ilm qachon va qanday sukut saqlashni bilishdir.
- Olim – kitoblardan koʻp narsa oʻrgangan kishidir. Oʻz davrining ilm va tajribalarini oʻzlashtirgan kishi oʻqimishli sanaladi. Hayotining mohiyatini anglagan kishi esa ziyolidir.
- Sanʼat yaxshini yomondan ajratishning bir usuli, ezgulikni tanishning bir vositasidir.
- Sevgisiz yashash oson. Lekin bunday hayotda mazmun yoʻq.
- Taʼlim bilan tarbiyani ajratib boʻlmaydi. Bilim bermay turib tarbiyalab boʻlmaydi. Har qanday taʼlim tarbiyalashga ham xizmat qiladi.
- Toʻgʻri, oltin bor joyda tuproq ham koʻp boʻladi; lekin bundan biror-bir aqlli gap aytish uchun istagancha valdirash mumkin degan xulosa chiqmaydi.
- Oʻzimizni tarbiyalamay turib, bolalarimizni yoki boshqa birovlarni tarbiyalashga urinar ekanmiz, tarbiya murakkab va ogʻir ish boʻlib qolaveradi. Boshqalarni faqat oʻzimiz orqali, oʻzimizni tarbiyalash orqali oʻzgartirishimiz mumkinligini anglagan paytimiz tarbiya masalasi yopiladi va hayotning bittagina masalasi qoladi: oʻzimiz qanday yashashimiz kerak?
- Oʻrtacha va keraksiz narsalarni koʻp bilgandan, kam boʻlsa ham yaxshi va kerakli bilimga ega boʻlgan afzal.
- Urush gʻirrom va ahmoqona ish, chunki urushayotganlar vijdonlarining ovozini oʻchirishga harakat qiladilar.
- Faqat oʻzingga maʼlum narsa haqida gapir. Aks holda jim tur.
- Xotirangiz emas, tafakkuringiz saʼy-harakati bilan egallangan bilim chinakam bilimdir.
- Halol yashash uchun intilish, yanglishish, urilib-surilish, doim kurashish va nimalarnidir boy berish kerak. Loqaydlik – qalbning pastkashligidir.
- Hamma insoniyatni oʻzgartirishni istaydi, lekin hech kim oʻzini isloh etish haqida oʻylamaydi.
- Hamma reja tuzadi, lekin bu rejasi kechgacha bormi-yoʻqmi – oʻzi bilmaydi.
- Aytadigan gapi yoʻq odam hammadan koʻp gapiradi.
- Har qanday yaramas oʻzidan tubanroq yaramasni topishi va undan yaxshiroqligi bilan gʻurulanishi, oʻzidan rozi boʻlishi mumkin.
- Choʻkib ketayotgan Pushkinlar, Ostrogradskiylar, Filaretovlar, Lomonosovlarni qutqarish uchun xalq oʻqimishli boʻlishini istayman. Bunday iqtidorlar har bitta maktabda toʻlib-toshib yotibdi.
- Sheʼriyat inson qalbidagi olovdir. Bu olov yondiradi, harorat va nur beradi. Chinakam shoir ixtiyorsiz shaklda, iztiroblar bilan yonadi va boshqalarni ham yondiradi. Hamma gap shunda.
- Eng hayratlanarli xatoliklardan biri – baxt hech narsa qilmay yashashda, deb oʻylashdir.
- Yaxshi boʻlganimiz uchun bizni yaxshi koʻrishadi, deb oʻylaymiz. Aslida, ular yaxshi boʻlganlari uchun bizni yaxshi koʻrishlarini anglamaymiz.
Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2019-yil 5-sonida chop etilgan.