Germaniyada Islom
Germaniyaga Islom dini XVI-XVII asrlarda yoyila boshladi. Bunga Usmonlilar sultonligi bilan diplomatik, harbiy va iqtisodiy munosabatlar zamin yaratdi. XVIII asr boshlarida Prussiya qiroli Fridrix Vilhelm I qoʻshinida musulmon askarlar xizmat qilgani tarixdan maʼlum. 1745-yili qirol Fridrix II boshnoq, alban va tatarlardan iborat musulmon lashkariy boʻlinmasini tuzgan.
Germaniyadagi ilk masjid 1915-yili Berlinning Vunsdorf tumanida ochildi. 1922-yili Berlin Islom uyushmasiga asos solindi, u 1930-yili Olmon musulmonlari idorasiga aylandi. 1927-yili musulmonlar oliy taʼlim muassasasi – Maʼhadul Islom ish boshladi. Bu institut hozir Germaniya markaziy islomiy arxiv instituti deb ataladi.
Ikkinchi jahon urushidan soʻng mamlakatda ishchi kuchiga talab keskin oshdi. Chunki urush tufayli aholining mehnatga yaroqli qismi juda kamayib ketgan, bolalar, yarador va nogironlar esa katta hajmdagi ishni bajara olmasdi. 1961-yildan boshlab Gʻarbiy Germaniya hukumati xorijiy ishchilarni mamlakatga taklif etdi. Turkiya, Marokash va Tunisdan kelgan mehnat muhojirlarining aksariyati musulmonlar edi. Ikki Germaniya birlashgach, Yugoslaviya, Livan, Falastin va Afrika mamlakatlari vakillari ham oʻlkada qoʻnim topdi. Mahalliy aholi orasida Islom dinini qabul qilganlar koʻpaydi. Bugun Germaniyada besh millionga yaqin musulmon yashaydi.
Germaniya musulmonlari asosan sunniylik mazhabida. Mamlakatda 2500dan ortiq namozxona, 240 ta masjid faoliyat yuritadi. 2008-yil kuzida Duysburgda ochilgan masjid nafaqat Germaniyadagi, balki butun Yevropadagi eng katta masjiddir.
Orifjon MADVALIYEV
tayyorladi.
“Islom nuri” gazetasining 2019-yil 15-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.