Labirintdan chiqish yoʻli
Ajoyib kunlarning birida ustoz shogirdini togʻ etagiga olib bordi. U yerda devorlari tik va baland labirint qurilgandi. Tomi boʻlmaganidan yoʻlaklarning ichiga quyosh nuri tushar, yop-yorugʻ edi.
Usta shogirdini labirintga kiritib, chiqish yoʻlini topishni buyurdi. Shogird yoʻlaklar orasida butun kun va butun tun boʻyi adashib yurdi, borgan sari boshi berk yoʻllarga kirdi. Horib-charchab, madori qolmay, yiqildi va uyquga ketdi.
Kimdir yelkasidan turtayotganini sezib, koʻzlarini ochdi. Tepasida ustozi turardi:
– Ortimdan yur, – deb buyurdi u.
Labirintdan chiqishgach, ustoz togʻ tomon yoʻl boshladi. Choʻqqiga koʻtarilgach, u dedi:
– Pastga qara!
Ular turgan joydan labirint kaftdek namoyon edi.
– Bu yerdan turib chiqish yoʻlini topish oson-a? – dedi ustoz.
– Hech bir qiyin joyi yoʻq, – dedi shogird. – Diqqat bilan qaralsa boʻlgani.
– Qani, chiqish yoʻlini top-da, esingda saqlab qol.
Biroz vaqtdan soʻng togʻdan tushishdi. Shogird labirintga ishonch bilan qadam qoʻydi va qiynalmay tezda chiqish yoʻlini topdi. Shundan soʻng ustozi unga shunday nasihat qildi:
– Vaziyatdan qancha uzoqlashib, unga qancha tepadan qarasang, toʻgʻri qaror qabul qilishing shunchalik oson boʻladi.
Orif Tolib
tayyorladi.
“Maʼrifat” gazetasining 2016-yil 26-noyabr sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.