Lotin alifbosining yangi tahriri uchun taklif
“Mening orzularim koʻp” ruknidan
Ikki yilcha oldin lotin alifbosi islohi boʻyicha bahs-munozaralar rosa qizigan edi. Ishchi guruh oxirgi versiyani ham eʼlon qildi. Negadir soʻnggi talqinga s harfini lotin alifbosiga c sifatida kiritish qoʻshilib qoldi. Tilimizga yot bu tovushning alifboda aks etishi koʻpchilikda norozilik uygʻotdi.
Aslida tilimizda bor boʻlgan qisqa va choʻziq i, “yumshoq” va “qattiq” u, oʻ tovushlari bitta harf bilan berilib turganda begona bir tovushni alifboga kiritish shaxsan menga maʼqul emas.
Hozir choʻziq-qisqa unlilarni alifboga kiritish oʻzini oqlamasligi mumkin. Chunki unlilar shevaga koʻra har xil talaffuz qilinadi. Agar ular alifboga kiritilsa, chalkashliklar ortishi mumkin.
Lekin sabablari qanchalik olamshumul boʻlishiga qaramay, tilga begona s tovushini alifboga kiritish mutlaqo ortiqcha, nazarimda.
Tilshunos olim va amaliyotchi oʻqituvchi doʻstlarim bilan lotin alifbosining oʻzbek tili tabiatiga anchagina mos, internetga va matn terishga qulay variantini ishlab chiqqan edik. Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlangani haqidagi xabarni oʻqigandan soʻng shu loyihani eʼlon qilishga qaror qildim.
Mabodo maʼqul kelsa, isloh uchun shu versiyadan ham foydalanish mumkin. Balki, aynan olinmas. Lekin koʻrsatilgan dalil va asoslar bilan xolis tanishib chiqilsa, faqat xursand boʻlamiz.
Aytgancha, bu mutlaqo shaxsiy taklif.
Alifboda nima oʻzgarishlar boʻladi?
A a |
A a |
|
B ʙ |
B b |
|
C c |
Ch ch |
|
D d |
D d |
|
E e |
E e |
|
F f |
F f |
|
G g |
G g |
|
Ğ |
Gʻ gʻ |
|
H h |
H h |
X x |
I i |
I i |
|
J j |
J j |
|
K k |
K k |
|
L l |
L l |
|
M m |
M m |
|
N n |
N n |
|
O o |
O o |
|
Ŏ ŏ |
Oʻ oʻ |
|
P p |
P p |
|
Q q |
Q q |
|
R r |
R r |
|
S s |
S s |
|
Ş ş |
Sh sh |
|
T t |
T t |
|
U u |
U u |
|
V v |
V v |
|
Y y |
Y y |
|
Z z |
Z z |
Alifboga S c, Ğ ğ, Ŏ ŏ, Ş ş harflari kiritilib, ularning oʻrnida qoʻllangan harflar chiqariladi. X x va H h harflari birlashtiriladi, Ng ng va tutuq belgisi alifbodan chiqariladi.
Bu nega kerak?
- Ch nima uchun S belgisi bilan ifodalandi?
Bu belgining tanlanishida standart klaviaturadagi tugmadan foydalanildi. Amaldagi alifboda bu harf kamida ikkita tugma orqali terilar edi.
- Ğ ğ, Ŏ ŏ, Ş ş.
Ğ ğ, Ŏ ŏ, Ş ş unli va undoshlari oʻzbekchaga xos tovushlar boʻlib, standart klaviaturada maxsus belgisi yoʻq. Amaldagi klaviaturada bu belgini yozish uchun kamida ikkita belgi bosilgan. Bu katta oʻngʻaysizliklarni keltirib chiqaradi va lotin alifbosining jozibadorligini keskin kamaytiradi.
Taklif qilinayotgan harflar ham klaviaturada bevosita mavjud emas, lekin uni biror tugmaga ulab qoʻyish mumkin. Undan tashqari, bosma shaklning yozma shaklga yaqinligi jihati ham taʼminlanadi.
Boshqa dunyo tillarida ham standart alifboda boʻlmagan, lekin tilga xos tovushlar qoʻshimcha harflar bilan ifodalanadi.
- X va H yaxlitlanadi.
Bizningcha, X va H ning alohida belgilar bilan ifodalanishi har bir oʻzbekning yoki oʻzbek tilini ikkinchi til sifatida oʻrganuvchilarning eng ogʻriqli muammosi. Chunki bu ikki tovush ogʻzaki nutqda farqlanmaydi.
Kimdir H ni X deb talaffuz qiladi va yozadi. Kimdir X ni ham H deb talaffuz qiladi va yozadi. Bu borada savod chiqarish uchun bu ikki harf qatnashgan soʻzlarni yodlashdan boshqa yoʻl yoʻq. Arablar 3 xil X yoki H tovushini farqlaydi, ular uchun har biri alohida tovush. Xuddi biz Q va K ni aniq va oson farqlaganday. Fors-tojik tilida ham boʻgʻiz tovoshi H va til orqa tovushi X farqlanadi. Oʻzbek tilida esa bunday holat kuzatilmaydi.
Konservativ qarashdagi kishi uchun bu oʻzgarishni qabul qilish oson boʻlmaydi. Oʻzim ham buni qabul qilishga biroz qiynaldim. Lekin doʻppini bir chetga qoʻyib, oʻylab koʻrilsa, bu haqiqatan ham savod borasida katta yengillik berishini anglash mumkin.
Agar ikki harf birlashsa, imlodagi xatoliklarning salmoqli qismi yoʻqoladi. Bu esa savodxonlik darajasi oʻsishiga xizmat qiladi. Hozir imlodagi taxminan 40-50 foiz xato aynan H va X harflarini yanglish qoʻllashdan iborat.
Kirill yozuvidagi bu ikki harf uchun lotinchada H h harfi ishlatiladi. Chunki bu harf lotin yozuvini ishlatadigan aksariyat tillarning alifbolarida H tovushini ifoda etadi.
- Ng harfi alifbo tarkibidan chiqariladi.
Ng tovushi bilan boshlanuvchi biror soʻz yoʻq. Bu tovush ham oʻzbek tili tabiatiga xos hodisadir. Asosan soʻzlarning oʻrtasida va oxirida uchraydi. Ammo baʼzi qoʻshimchalar tarkibida ham ng bor va ular juda koʻp qoʻllanadi. Ular ham asosan soʻz oxirida keladi. Eski kirill alifbosida bu tovush uchun maxsus harf yoʻq edi. Alifboda yoʻqligi uchun tovush sifatida ham yoʻqolib ketmadi. Aksincha, yashab qoldi. Bizningcha, bu harfni yangi alifbo tarkibidan chiqarish va uni fonetik hodisa sifatida oʻrgatish kerak.
- Tutuq belgisi alifbodan ham, foydalanishdan ham chiqariladi.
Tutuq belgisi faqat arab tilidan kirib kelgan soʻzlardagina mavjud boʻlib, nutqda aks etmaydi. Oʻzbek tilli kishi maʼnaviyat, sheʼr, taʼzim kabi soʻzlarni manaviyat, sher, tazim deb oʻqiydi va bu normal holat.
Bu belgining ifodalanmasligi hech qanday jiddiy muammoni yuzaga keltirmaydi, aksincha qulaylik yaratadi.
Tutuq belgisi olib tashlanishi evaziga hosil boʻladigan baʼzi omonim soʻzlarni oʻrganib olish mumkin.
Bu belgi chiqarib tashlanishi imloda koʻp xato qilinadigan soʻzlarning kamayishiga ham turtki beradi.
O‘zbekiston yoki O’zbekiston soʻzlarini kompyuter O-zbekiston shaklida “oʻqiydi”. Chunki bu birtirnoq ingliz alifbosida qoʻshtirnoq oʻrnida va baʼzi soʻzlar tarkibida ajratuvchi vazifasida keladi.
Tutuq belgisining ifodalanmasligi hech qanday muammoni yuzaga keltirmaydi, aksincha qulaylik yaratadi.
Orif Tolib
Taklif va mulohazalaringizni izohlarda qoldirishingiz mumkin.