Madhiya imlosidagi xatolar tuzatilmaydimi?
Biror soʻz yo tinish belgisining xatosiga koʻzimiz oʻrganib qolsa, oʻshani toʻgʻri deymiz. Ayniqsa u biror hujjat yo kitobda aks etgan boʻlsa bormi, tamom – eng toʻgʻrisi oʻsha, boshqacha boʻlishi mumkin emas degan xulosaga kelamiz. Bunday holat muharriru musahhihlar, filologu tilchilar orasida ham kuzatiladi.
Madhiyamiz imlosidagi baʼzi xatolar haqida ham shu fikrni aytish mumkin. bu holatda endi “Qonunda shunaqa turibdi…” degan “mushakdor” sabab-bahona ham bor. Vaholanki, qonunlar imlosi va punktuatsiyasi toʻgʻri yozishga asos emas, ularda ham imlo xatolari boʻladi, inson omili degan narsa bor. Vaqt oʻtishi bilan baʼzi soʻzlarning imlosi oʻzgarishi mumkin.
Xoʻsh, madhiyamizda qaysi soʻzlar imlosi toʻgʻrilanishi kerak?
Yashnagay to abad ilmu fan, ijod.
Toabad soʻzi yaxlit soʻzga aylangan. Adabiy, mangu maʼnosidagi bu soʻz imlo lugʻatida ham, izohli lugʻatda ham qoʻshib yozilgan. Gapdagi oʻrin, payt va shu kabi maʼnolarni taʼkidlash, kuchaytirish uchun xizmat qiladigan to soʻzi boshqa oʻrinlarda ajratib yoziladi. Unda -gacha, -guncha, qadar maʼnosini anglatadi. Lekin yaxlit soʻz tarkibida boʻlganda alohida yozilmaydi.
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!
Haqsevar va ona yurt soʻzlari orasidan vergulni olib tashlash zarur. Chunki bu yerda ona yurt – turgʻunlashgan birikma. Haqsevar va ona soʻzlari uyushiq boʻlak emas. Ularning biri – sifat, biri – ot. Yurt soʻzini alohida-alohida sifatlamayapti. Haqsevar degan sifat ona yurtga tegishlidir. Bunday holatda vergul ortiqcha.
Madhiya
– davlat ramzi. U toʻla-toʻkis toʻgʻri yozilishi kerak.
Obunachidan savol:
Haqsevar, ona yurt, mangu boʻl obod!
Bu misrada ona yurt undalma enasmi?
Javob:
Undalma. Lekin haqsevar uning sifati-da. U ham undalmaning tarkibiga kiradi.
Eʼtibor bering:
Goʻzal oʻlkam, doim gullab-yashna.
Yuqoridagi gapda oʻlkamdan oldin vergul qoʻyilmaydi, chunki undalma oʻlkam emas, sifati bilan yaxlit holda goʻzal oʻlkam undalma boʻladi.
Agar sifatlovchilar ketma-ket kelsa yoki olmosh qoʻshilsa, ular ham undalmaning tarkibiga kiradi:
Tengi yoʻq goʻzal oʻlkam, doim gullab-yashna.
Ey mening goʻzal oʻlkam, doim gullab-yashna.
Xulosa: madhiya misrasida haqsevar ona yurt yaxlit holda undalma boʻlib kelyapti. Uning orasiga vergul qoʻyilmaydi.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.