Kontentga oʻzbekcha variant – bilgi
Taniqli muharrir, jurnalist Farrux Jabbor telegram guruhida kontent soʻziga oʻzbekcha muqobil soʻrab qoldi.
Milliy kontent yaratishni kontent soʻzini oʻzbekchalashtirishdan boshlash kerak degan fikrda jon bor. Bu – yangi atama, unga bemalol oʻzbekcha ot qoʻyish mumkin.
Menimcha, bu atamaga bilgi soʻzi mos tushadi. Sof turkiycha soʻz, “Devonu lugʻatit turk”da ham koʻp oʻrinlarda keladi. Bilim, axborot, maʼlumot maʼnosiga ega. Bu soʻzdan turk qardoshlar hozir ham foydalanadi.
Mening variantim – shu. Balki, boshqalarda bundan ham yaxshiroq muqobil bordir. Koʻpdan koʻp fikr chiqadi.
Turkiy tillar “kontent”ga muqobil topganmi?
Kontent soʻzini boshqa turkiy tillar qanday ifodalashini Google yordamida tekshirib chiqdim. Turkchada içerik, tatarchada echtәlek soʻzi ishlatilar ekan. Soʻzma-soʻz tarjimasi: ichkaridagi narsa, mazmun, mundarija. Turkman, ozarbayjon va uygʻur tillari kontent maʼnosida mazmun soʻzini ishlatar ekan.
Qozoq, qirgʻiz, qirimtatar, boshqird tillari esa soʻzning oʻzini olib qoʻya qolgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.