Maʼnaviyat yuksalmagan joyda buyuk odam boʻlmaydi
Romen Rollan hikmatlaridan
- Agar birgina soʻz bilan odamni baxtiyor qilish mumkin boʻlsa, bu soʻzni aytmaslik uchun qanchalar razil boʻlish kerak!
- Adolatsizlikning oxiri yoʻq: birini toʻgʻrilab, boshqasiga imkon tugʻdirishing mumkin.
- Asov tanasini boʻysundira olgan irodadan koʻra havasni keltiradigan narsa yoʻq.
- Vijdon – eʼtiqodning hissiy qorovulidir.
- Doʻstlar orasidagi tushunmovchilik ular orasiga uchinchi odam tushmagunicha u qadar kuchli boʻlmaydi.
- Yolgʻon qarshi qaratilgan odamdan oldin uning egasini halok qiladi.
- Ikkiyuzlamachi – hamisha qul.
- Insonning eng birinchi burchi aslidagiday boʻlishi, “bu – yaxshi, bu – yomon” degan gapni mardona ayta
olishidir. - Kechirish jazolashdan koʻra koʻproq jasorat talab etadi.
- Kun vayron qilganni tiklash uchun asr kerak.
- Qahramon imkoni bor ishni bajaradi, boshqalar esa – yoʻq.
- Maʼnaviyat yuksalmagan joyda buyuk odam boʻlmaydi.
- Salomatlik ham kasallik kabi yuqumlidir.
- Sanʼat oʻz davri intilishlariga hamohang boʻladi.
- Sanʼatning birinchi qonuni: agar aytadigan gaping boʻlmasa, sukut qil; aytadigan gaping boʻlsa, yolgʻon aralashtirmay gapir.
- Sogʻlom boʻlishni istagan odam birinchi galda yon-atrofidagi havoni tozalashi kerak.
- Fikrni oʻldiradiganlar uch karra qotildir.
- Hayotga muhabbat oʻlim qoʻrquvidan ayro emas.
- Haqiqiy magʻlubiyat, oʻnglanmaydigan yagona magʻlubiyatni – dushmandan emas, oʻzingdan topasan.
- Har bir jasoratli, har bir adolatli shaxs Vatanga shon-sharaf olib keladi.
- Hasadgoʻylar – oʻta yuraksiz kishilardir. Oyogʻini bosib olganingizda ham yuzingizga kulib qarab turaverishadi.
- Chegarasiz tuman boʻlmaydi. Muhimi – sabot va olgʻa yurish.
- Sheʼriyat – qofiyadosh soʻzlarning shaqir-shuquri bilan emas, keng miqyosni egallaydigan, inson koʻzidan koʻra chuqurroq va uzoqroqni koʻra oladigan ruhiyati bilan sheʼriyatdir.
Orif Tolib tarjimasi
“Yoshlik” jurnalining 2018-yil 1-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.