Mehnati singdi
Ng tovushini yozuvda ifodalash baʼzan qiyinchiliklar tugʻdiradi. Menimcha, bunga uning avvalboshdanoq bitta harf bilan ifodalanmagani sabab. Ng tovushini ikki harf – n va g bilan ifodalash talaffuzimizda baʼzi oʻzgarishlarni, xatoliklarni keltirib chiqargan. Masalan, singil soʻzini aytishda ng tovushidan keyin bitta g tovushini orttiramiz va sing+gil deb talaffuz qilamiz.
Mehnati singmoq iborasini yozishda ham ozroq tushunmovchilik yuzaga keladi. Chalkashmaslik uchun feʼlning oʻzagini topib olishimiz kerak. Oʻzak sing soʻzidir, singmoq singimoq soʻzining varianti hisoblanadi.
Mehnati singdi degani koʻp mehnati sarfladi, mehnati jo boʻldi kabi maʼnolarni anglatadi. Mehnati sindi deyish esa mehnati sinib qoldi, mehnati parchalandi, mehnati shikastlandi kabi yanlish maʼnolarni keltirib chiqaradi.
Singmoq soʻzi singimoq soʻzi bilan ayni bir maʼnoni ifodalasa-da, mehnati singmoq iborasida asosan singmoq varianti ishlatiladi, singimoq qoʻllanmaydi hisob.
📌 Demak,
Mehnati singdi, qoʻli sindi ✅
Mehnati sindi, qoʻli singdi ❌
Orif Tolib