Xorijiy joy nomlari imlosi va erkinlik hissi

Xorijiy joy nomlari imlosi va erkinlik hissi

Xorijiy joy nomlarini yozishda koʻpincha ruschadan koʻchiramiz-qoʻyamiz. Nega bunday qilayotganimiz, aslida boshqacha yozilishi kerakligi haqida deyarli oʻylab koʻrmaymiz.

Rus tilida qoʻshma soʻz yoki sifatlovchili birikma shaklidagi joy nomlari asliyatda qoʻshib yoki ajratib yozilishidan qatʼi nazar, chiziqcha bilan yoziladi va bu rus tili uchun toʻgʻri. Masalan, rus tilida Oʻrtabuloq toponimi Urta-Bulak shaklida,  Mirzo Ulugʻbek tumani nomi Mirzo-Ulugbekskiy rayon shaklida yoziladi. Oʻzbekchada esa qoʻshma soʻzlar va sifatlovchili birikmalar chiziqcha bilan yozilmaydi. Oʻzbek tili uchun juft va takror soʻzlarni chiziqcha bilan yozish xosdir.

Rus tili ishlangan, qoidalari har tomonlama pishitilgan, koʻp oʻrganilgan til. Ruschada hatto joy nomlari lugʻati ham bor. Unga 40 000 ta toponim kiritilgan ekan. Oʻzbekchada esa, afsuski, bunday lugʻat yoʻq. Davlat tilini rivojlantirish uchun shunaqa lugʻatlar ham tayyorlash kerak, menimcha.

Toʻgʻri, rus tilidan oʻrganish kerak, joy nomlarini baʼzida oʻzgarishsiz ham olish mumkin. Lekin har doim emas.

Xullas, bugun rus tilidan shundoqqina koʻchirilgan, koʻz oʻrganilgan, lekin aslida oʻzbekchada boshqacha yozilishi kerak boʻlgan joy nomlari haqida soʻzlashamiz. H tovushli toponimlar g bilan olinganini bir oʻrinda aytib oʻtsak, yetarli. Chunki bunday soʻzlar juda koʻp. Gollandiya emas, Hollandiya; Gonduras emas, Honduras va hokazo. Rus tilida h tovushi boʻlmagani uchun ruslar bu tovushni koʻp oʻrinlarda g deb talaffuz qiladi va bu rus tili uchun tabiiy, normal holat. Oʻzbek tilida esa h ni ayta olamiz, shu sababli h bilan yozish oʻzbekchaga mos boʻladi.

Nyu York shahri nomini koʻpincha Nyu-York deb yozamiz. Asliyatda New York, Yangi York shahri degan maʼnoda. Sifatlovchili joy nomlari, masalan, Yangi Margʻilon, Koʻhna Urganch, Katta Qozirabod oʻzbek tilida ajratib yoziladi. Demak, nomi mazmunan oʻxshash boʻlgan Nyu Yorkni ham chiziqchasiz yozish zarur. Aytmoqchi, men harfini oʻzbek tili uchun mutlaqo ortiqcha deb bilaman. Mavridi kelsa, bu haqda alohida yozaman.

Kot d’Ivuar soʻzi fransuzchada République de Côte d’Ivoire shaklida yoziladi. Lekin ruscha variantida chiziqcha orttirilgan. Oʻzbek tilida chiziqcha kerak emas. D harfidan keyin kelgan apostrof belgisi rus tili alifbosida yoʻq. Lekin u yaqinda yozuvdagi yangi belgi turkumiga – noharfiy orfografik belgilar qatoriga kiritilibdi. Oʻzbek tilida ham shu va shunga oʻxshash holatlar imlo qoidalariga kiritilishi kerak.

Kot d’Ivuar mamlakati nomi rus tiliga Fil Suyagi Qirgʻogʻi Respublikasi deb ham rasman tarjima qilingan ekan. 1985-yili Kot d’Ivuar hukmron partiyasi bu soʻz mamlakat nomi boʻlgani sababli fransuzchadan tarjima qilmaslik kerakligi haqida qaror qabul qiladi. Shu paytdan boshlab Kot d’Ivuar oʻlkaning rasmiy nomiga aylanadi.

Rio de Janeyro shahri nomi ham ruschada Rio-de-Janeyro shaklida yoziladi. Oʻzbekchada chiziqchalar mutlaqo ortiqcha. Bu shahar nomi portugalchada Rio de Janeiro shaklida yoziladi va yanvar daryosi maʼnosini beradi.

Mayli, kimlarningdir gʻashiga tegsa ham aytay. Hatto Sankt-Peterburg shahri nomini ham chiziqchasiz yozish kerak. U asli nemischa, dastlabki niderlandcha shakli Sankt Pieter Burch boʻlgan. Maʼnosi – Avliyo Pyotr shahri. Lekin buni qabul qilish oʻta-oʻta qiyin boʻlsa kerak. Mayli, chiziqcha bilan yozishga shu yerda istisno qilish mumkin. Kulkuliy aytmoqchi, bundan ortiqroq sevishni arganizm koʻtarmaydi 😄.

Odamning hayoti, faoliyati, fikrlashi erkin boʻlishi kerak va bu imloda ham aks etishi zarur deb hisoblayman. Albatta, har kimning oʻz qarichi, oʻlchovlari bor. Hech qaysi kitobda bunaqa qoida yoʻq, joy nomlarini chiziqcha bilan yozaverish kerak, qaydan chiqdi bu, deydiganlar ham topilib qoladi. Ularga koʻchaning eng kattasi muntazir 🙃. Bemalol oʻz fikrlarida qatʼiy turaverishlari mumkin.

Oʻzi, birorta mardi maydon chiqib, shunga yetarli mablagʻ ajratsa va mutaxassislar joy nomlari lugʻatini ishlab chiqsa, zoʻr boʻlardi. Bu katta mehnat va izlanish talab qiladigan ish.

Mabodo degan joyiga: men bu lugʻatni tuzishda qatnashish va pullarga ega chiqish niyatida emasman.

 

Quyida baʼzi xorijiy joy nomlarining solishtirma imlosi berilyapti. Aslida ruschadagidan farqli yozilishi kerak boʻlgan joy nomlari juda koʻp.

 

Asliyatda yoki lotincha transkripsiyada

Ruschada

Oʻzbekchada

Addis Ababa

Аддис-Абеба

Addis Abeba

al-Maḡrib

Марокко

Marokash

Almaty

Алма-Ата

Алматы

Olmaota

al-Qāhirah

Каир

Qohira

ar-Riyod

Эр-Рияд

Riyoz

Bahrayn

Бахрейн

Bahrayn

Burkina Faso

Буркина-Фасо

Буркина Фасо

Burkina Faso

Deli

Дели

Dehli

Frankfurt am Main

Франкфурт-на-Майне

Frankfurt

yoki

Mayn boʻyidagi Frankfurt,

Mayn yoqasidagi Frankfurt,

Mayn sohilidagi Frankfurt,

Frankfurt-Mayn

Hirot

Герат

Hirot

Istanbul

Стамбул

Istanbul

Jakarta

Джакарта

Jakarta

Karāçī

Карачи

Karochi

Lohur

Лахор

Lohur

Los Angeles

Лос-Анджелес

Los Anjeles

Misr

Египет

Misr

New Hampshire

Нью-Гэмпшир

Nyu Hempshir

New Jersey

Нью-Джерси

Nyu Jersi

Nur-Sultan

Нур-Султан

Nursulton

Ohio

Огайо

Ohayo

Puerto Rico

Пуэрто-Рико

Puerto Riko

Suvays

Суэц

Suvaysh

Tehron

Тегеран

Tehron

Turkiye

Турция

Turkiya

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.