Modomiki: vergul kerakmi yoki yoʻq?
Bu soʻz bilan vergul ishlatishda koʻp xato qilinadi. Hatto izohli lugʻatda shu soʻz sharhidagi misollarda ham birida vergul ishlatilgan, birida esa yoʻq. Oʻzi vergul kerakmi? Javob – yoʻq. Bu soʻzga maʼnosi yaqin boʻlgan agar, mabodo yuklamalaridan soʻng vergul qoʻymaymiz. Modomiki ham vergul talab qilmaydigan soʻzlar qatoriga kiradi.
Modomiki yuklamasi ergash gaplar boshida kelib, shu gap bildirgan maʼnoni taʼkidlaydi:
Modomiki siz rozi ekansiz, mening qarshiligim yoʻq.
Modomiki ahvol shunday ekan, u kishining orzulariga quloq solishimiz kerak boʻladi.
Oybek, Tanlangan asarlar.
Modomiki shundoq ekan, qori shundoq qilishga nuchuk jurʼat qildi?
A. Qahhor, Qoʻshchinor chiroqlari.
Bundan keyin gaplarimni uqib oling, modomiki men bilan birgasiz, mening odamimsiz, har bir ishni men bilan bahamjihat qiling.
Oybek, Tanlangan asarlar.
Oxirgi misolda vergul modomiki soʻzi tufayli emas, birdan ortiq kesim qatnashayotgani sababli qoʻyilyapti.
Orif Tolib