Muhokamalarning “sevimli” savoli: “sentabr”mi yoki “sentyabr”?
Savol:
1-sinf “Oʻqish va ona tili savodxonligi” kitobida sentyabr, oktyabr deb yozilgan ekan. 2-sinflarni oʻqitayotgan sherigim shu qoida boʻyicha sentyabr deb yozilishga oʻtgan deb oʻquvchilariga shunday yozdiribdi. Shu toʻgʻrimi? Qachon oʻzgarib ulgurdi? Mualliflardan aniq javob kutamiz, chunki aniqlik kiritilmasa, hamma har xil talqinda yozyapti.
Javob:
Bu savolga oldin ham toʻxtalganmiz, ommaviy axborot vositalarida alohida chiqishlar ham qilingan. Lugʻatlarimizda turlicha berilgan soʻzlar bular bilangina cheklanmaydi. Darsliklar tahririda va imlosida esa yakdillik kerak. Savol va tanqidlarimizga “alifbo isloh qilinsa, bu xatoliklar ham tuzatiladi” degan mazmunda rasmiy javob berildi. Qaysi lugʻatdan foydalanish masalasi esa ochiq qoldirildi.
Darsliklarda bu soʻz xilma-xil yozilayotgani tanqidlarga koʻp uchragan. Yagona imlo uslubini qoʻllash, chalkashliklarning oldini olish uchun yangi darsliklarni nashrga tayyorlashda 2013-yili “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan imlo lugʻatiga asoslanildi. Bu lugʻat 85 000 dan ortiq soʻzni oʻz ichiga oladi. Unda savolda soʻralgan soʻz sentyabr koʻrinishida berilgan. Nega bunday yozilayotganiga mualliflar lugʻatning kirish qismida toʻxtalib oʻtgan.
Nima uchun soʻzni sentabr shaklida bergan lugʻatdan foydalanilmadi? 1995-yili “Oʻqituvchi” nashriyotida chop etilgan lugʻatda soʻzlar anchagina kam. Hatto kompyuter soʻzi ham kiritilmagan. Qayta nashrlarda bu soʻzga joy berilgan boʻlsa-da, darsliklarda uchraydigan juda koʻp soʻz va atamalar ushbu lugʻatda aks etmagan.
Yana bir xato qarash bor: koʻpchilik 1995-yilgi lugʻatni Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan deb oʻylaydi. Vazirlar Mahkamasi imlo qoidalarini tasdiqlagan, lugʻatni emas.
❗️ Garchi sentabr, oktabr shakli ham xato boʻlmasa-da, turfaxillik yuzaga kelmasligi uchun sentyabr, oktyabr shaklida yozish va oʻrgatish tavsiya etiladi. Bundan boshqa bahsli soʻzlarni berishda ham barcha darsliklarda bir xil imlo uslubi qoʻllanyapti.
Imlo va lugʻatlardagi kamchiliklarni tuzatishga masʼul boʻlgan tashkilot hamda muassasalar shu va shu kabi masalalarga tezroq nuqta qoʻysa, qatʼiy, mantiqli qaror qabul qilsa, kun tartibidan tushmaydigan bunday savollarga ham barham berilardi.
Respublika taʼlim markazi ayni vaziyatda eng asosli deb topilgan yechimlardan foydalanyapti.
Orif Tolib,
Respublika taʼlim markazi mutaxassisi
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.