Nafsilamrini aytganda: “nafsilamr” nima?
Nafsilamr arab tilidan kirgan. Asosan badiiy asarlarda uchraydi. Oʻzbek tilida ikki xil maʼnoda qoʻllanadi:
1️⃣ Haqiqatga mos; toʻgʻri, rost.
– Uni qarang, nafsilamrini aytganda, ota-bobomizning zamonida ham bunaqangi paxtani hech kim koʻrmagan, – dedi Shermat.
H. Nuʼmon, “Fasllar”.
2️⃣ Kirish soʻz boʻlib kelganda: haqiqatda, haqiqatan ham.
– Nafsilamr, gapingiz juda toʻgʻri… – dedi Yoʻlchi.
Oybek, “Tanlangan asarlar”.
Soʻzlashuv uslubida nafsambir shaklida ham ishlatiladi:
Boshdan oyoq yangidan ish boshlagan kolxoz yoshlarining bu gʻayrati, nafsambirga, hayratda qolarli edi.
M. Joʻra, “Quyoshdan nur emganlar”.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.