Bir ibora tarjimasi: feel more rested

Bir ibora tarjimasi: feel more rested

Ingliz tilidan tarjima qilingan matnni tahrirlayotgan edim. Unda bir jumlaga duch keldim:

How to sleep better and feel more rested?

 

Uni rus tarjimon shunday oʻgirgan:

Kak luchshe spat i chuvstvovat sebya boleye otdoxnuvshimi?

 

Oʻzbekcha varianti:

Qanday qilib yaxshiroq uxlash va dam olishni his qilish mumkin?

 

Oʻzbekchada mazmun toʻlaqonli chiqmagan. Buni qisqa va loʻndaroq, asliyatga mosroq oʻgirish mumkin. Feel more rested iborasining soʻzma-soʻz maʼnosi – oʻzini yaxshi dam olgandek his qilmoq.

 

Bu iborani oʻzbekchaga bitta soʻz bilan tarjima qilish mumkin: tiniqmoq. U charchoq, ezilish va shu kabilardan xoli boʻlib, bardam, tetik holatli boʻlish maʼnosiga ega. Ammo hozir bu soʻzni mustaqil ishlatmaydigan boʻlib qoldik. Oldin u oʻzi alohida ham qoʻllangan:

 

Uxla, uxla, safaring uzoq, tiniqib ol, oʻgʻlim.

Oybek, “Bolalik”.

 

Ana shundan keyin bolalarning aqllarigina emas, tanlari ham sekin-sekin tiniqib bordi.

M. Ismoiliy, “Fargʻona tong otguncha”.

 

Yuqoridagi tarjima jumlani shunday tahrir qildim:

Qanday qilib yaxshiroq uxlash va tiniqib dam olish mumkin?

 

👉  Tarjimaga qiziqadiganlar yoki shugʻullanadiganlar boʻlsa, variantlarini izohda qoldirishlari mumkin.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.