Jiyron va jayron
Paronimlar bizni shakli va talaffuzi bilan koʻp chalkashtiradi. Bu ikki soʻzda ham shunaqa anglashilmovchiliklar boʻlib turadi. Aslida ular boshqa-boshqa maʼnoni anglatadi.
Jiyron otning qizgʻish malla rangini va shu rangdagi otni bildiradi: jiyron ot, jiyronni choptirmoq.
Aravakash jilovni tortdi, jiyron zoʻr kuch bilan qoʻzgʻaldi.
E. Rahim, Yangi qadam.
Jayron esa ohuning bir turi. Uning qoraquloq degan nomi ham bor. Suriya, Eron, Afgʻoniston, Kavkazorti va Oʻrta Osiyoda tarqalgan:
Choʻlda kezgan jayronlar goh suv izlab, goh doʻngliklar osha quvalashib chopishganicha Zomin bugʻdoyzorlari, qirlari bagʻriga kirib borib qoladi.
Sh. Gʻulomov, “Boʻz yerlik boʻz yigitlar”.
Jayron koʻz iborasi chiroyli koʻz; koʻzi jayronnikiga oʻxshash degan maʼnoni anglatadi.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.