Najot harakatda
Bir fermerning eshagi quduqqa tushib ketdi. Bechora jonivor zorlanib baqira boshladi. Hovliqib yugurib kelgan fermer holatni koʻrib, boshi qotdi. “Eshagim qarib qolgandi, baribir koʻpga bormaydi. Yoshrogʻini sotib olishni oʻylab yurgandim. Quduq esa qurib qolgan. Bu joyni koʻmib tashlab, boshqa yerdan qazimoqchi edim. Hozir koʻmib tashlasam, harom qotgan eshakning hidi tashqariga chiqmaydi, chuqurdan ham qutulaman”, deb oʻyladi u.
Fermer qoʻshnilarini yordamga chaqirdi. Kelganlar qoʻliga ketmon, kuraklarni olib, yeng shimarib ishga kirishdi. Eshak gap nimadaligini tushunib, joni boricha baqirib-hangrashga tushdi. Lekin biroz oʻtib, ovozi tindi. Hamma hayron. Yana biroz tuproq tashlangach, fermer quduq ichiga razm solib, nima boʻlganini bilishga qaror qildi.
U koʻrganlaridan hayratda edi. Eshak yelkasiga tushgan tuproq uyumlarini silkinib qoqib tashlar, oyogʻi ostini tepkilab-tekislab turardi. Shunday qilib, eshak biroz vaqtdan soʻng yuqoriga chiqib oldi!..
Bu voqea hayotda boʻlganiga ishongisi kelmaydi odamning. Axir eshak farosatsizligi bilan mashhur. Hikoyani zarbulmasal sifatida qabul qilgan maʼqul. Shunda uning hikmati osonroq anglashiladi.
Kunda yoki kunora boshimizga turli tashvishlar uyumi yogʻiladi, yelkamizga qiyinchiliklar yuki tushadi. Ana shunday paytlarda nolib, zorlanib, harakatsiz turganlar gʻam-tashvishlar ostida ezilib-koʻmilib ketadi. Doim olgʻa intilib, ogʻir oʻy-xayollarga boʻy bermaganlar esa maqsadga erishaveradi.
Orif Tolib
“Hidoyat” jurnalining 2014-yil 12-sonida chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.