Sohildagi kampir
Oila dam olish kunini sohilda oʻtkazdi. Bolalar dengizda miriqib choʻmildi, qumda hammompish oʻynadi. Bir payt uzoqroqda shu tarafga qarab kelayotgan uvoqqina bir kampir koʻzga tashlandi. Kiyimlari eskigan, seryamoq edi. U qumdan nimadir ajratib olib, xaltasiga solar, ora-sira bir narsalar deb toʻngʻillab qoʻyardi.
Ota-ona bolalarni chaqirib, kampirga yaqin yoʻlamaslik-larini tayinladi. Qariya oila turgan joy roʻparasiga keldi va ularga jilmayib qaradi. Lekin uning tabassumiga hech kim munosabat bildirmadi.
Oradan ancha vaqt oʻtgach, oila aʼzolari oʻsha kampir haqida bir gapni eshitishdi. Aytishlaricha, u butun oy-kunlarini shu sohilda oʻtkazar ekan. Bolalarning oyoqlarini tilib ketmasin deya shisha siniqlarini terib yurarkan.
Orif Tolib
“Irfon” taqvimi (2015-yil 1-chorak)da chop etilgan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.