“Namoz” soʻzining oʻzbekchasi

“Namoz” soʻzining oʻzbekchasi

Bu soʻzga ilk bor “Qisasi Rabgʻuziy”da duch kelgan edim. Keyin boshqa manbalarda, jumladan, “Devonu lugʻatit turk”da uchratdim.

Musulmonlar kuniga besh mahal bajaradigan ibodat bugungi tilimizda namoz deyiladi. Namoz forschadan olingan, asliyatda ham ayni shu mazmunda. Arabchasi – salot.

Islom dini turkiy qavmlar yashagan hududlarga kirib kelganida, xususan, VII-VIII asrlarda turkiy til juda quvvatli edi. U yangi tushunchalarga tezda ot qoʻyib olardi. Namoz bilan ham shunday boʻldi. Uni yukunch deb atadilar. “Devonu lugʻatit turk”da yukunch namoz maʼnosida sharhlangan va bu soʻz bilan bogʻliq misollar bir necha oʻrinlarda keltirilgan:

 

Qul Tangrika yukundi – banda Tangri taologa ibodat qildi.

Tangrika yukunch yukundi Tangri taologa yukundi, namoz oʻqidi.

Oʻl yukunch etti – u namoz oʻqidi.

 

Yukunch yukundi iborasi bosh egdi, boʻyin sundi maʼnolarida ham ishlatilgan. Masalan, “Oʻl bekga yukunch yukundi” jumlasi u bekka bosh egdi maʼnosida. Bu yerda ibodat mazmuni yoʻq.

Yukunmoq va yukunch soʻzlari katta ehtimol bilan yuk oʻzagidan yasalgan. Chunki yuk koʻtargan kishining gavdasi, boshi biroz egiladi. Yaratganga ibodat qilayotgan kishi ham bosh egadi, bandaligini, ojizligini izhor etadi. Bu soʻzlarda Allohga sigʻinish orqali yelkadagi yukdan – gunohlardan qutulish maʼnosi ham aks etgan boʻlsa, ne ajab.

Qadimgi turkiy tilda ibodat qilmoq maʼnosida topinmoq, sigʻinmoq soʻzlari ham ishlatilgan. Ular bugun ham tilimizda qoʻllanadi.

Hozirgi oʻzbek tilida faqat yukunmoq soʻzi ishlatiladi. U oʻtinib (bosh egib, tiz choʻkib) murojaat qilmoq, iltijo qilmoq, yolvormoq; taʼzim qilmoq maʼnolarini bildiradi. Menimcha, yukunmoq soʻzining ibodat qilmoq maʼnosi XV asrdayoq yoʻqolib ulgurgan. Chunki Navoiy asarlarida ham yukunmoq egilmoq, hurmat yuzasidan taʼzim qilmoq maʼnolarida keladi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube