Avlodmi, ajdodmi?

Avlodmi, ajdodmi?

Baʼzan gazeta-jurnallarda, saytlarda, nutqlarda avlod-ajdod, avlodu ajdodlar soʻzlari xato ishlatiladi. Yanglish qoʻllamaslik uchun ularning maʼnosini bilib olish kerak.

Avlod ota-bobodan qolgan nasl, bolalar, farzandlar demakdir:

 

U yaxshi odamlar avlodidan.

Temuriylar – Temur avlodi, boburiylar – Bobur avlodi.

(Gap Temur va Boburdan keyingilar haqida ketyapti.)

 

Ajdod esa ilgari oʻtgan nasl-nasab, ota-bobolardir:

 

Imom Buxoriy, Zamaxshariy, Najmiddin Kubro, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimizning tavallud sanalari nishonlandi.

Ajdodlar ibrati avlodlar uchun namunadir.

 

❗️ Endi xato qoʻllanadigan holatlarga eʼtibor qaratamiz:

 

Oʻzbekistonda davlat mustaqilligi qoʻlga kiritilgach, shu zaminda asrlar osha istiqomat qilib kelgan avlodu ajdodlarimiz orzu-umidlari roʻyobga chiqa boshladi.

Oʻzbekistonda davlat mustaqilligi qoʻlga kiritilgach, shu zaminda asrlar osha istiqomat qilib kelgan ajdodlarimiz orzu-umidlari roʻyobga chiqa boshladi.

 

Bu zaminda avlodu ajdodlarimiz asrlar osha yashab kelmagan. Faqat ajdodlarimiz yashab kelgan. Avlodlar farzandlar, kelajak nasllardir. Ular oʻtmishda emas, hozir yoki kelajakda hayot kechiradi.

 

Olimning ezgu ishlari avlod-ajdodlari qalbida barhayot.

Olimning ezgu ishlari avlodlari qalbida barhayot.

 

Olimning amallari haqidagi xotiralar oʻtib ketgan ajdodlari emas, keyingi nasllar – avlodlar qalbida yashaydi.

 

📌 Demak, eslab qoling: oldingi nasllar haqida gap ketganda ajdod, keyingi nasllar toʻgʻrisida gapirilganda esa avlod soʻzidan foydalaning. Maʼnosini farqlab olsangiz, xato qoʻllash ehtimoli deyarli yoʻqqa chiqadi.

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.