Navlar nomi qanday yoziladi?
Savol:
Qishloq xoʻjaligi ekinlari, meva va sabzavotlarning navlari qanday yoziladi?
Javob:
Bu savolga manbalarda aniq yechim yoʻq. Lekin qoida yaratib olishimiz mumkin.
Imlo qoidalarining “Koʻchirish
qoidalari” boʻlimida keltirilgan misolda gʻoʻza navlari bosh harflarda va qoʻshtirnoqda berilgan: “Andijon–9”, “Termiz–16”. Bu navlarning nomi jonli tilda ishlatilmaydi hisob, asosan ilmiy adabiyotlarda va xos mavzudagi maqolalarda qoʻllanadi. Husayni, qora kishmish, jonoqi kabi navlarni ham qoʻshtirnoqda va katta harf bilan yozish kerakmi? Ular odatda kichik harfda yoziladi-ku!
Masalaga mantiqan va qiyos yoʻli bilan yechim topamiz.
Amaldagi oʻzbek tili imlo va punktuatsiya qoidalari rus tili qoidalari asosida yaratilgan. Koʻp oʻrinlarda qoidalar deyarli bir xil. Shu sababli ayni shu mavzudagi rus tili orfografiyasi qoidalarini oʻrganib koʻrdim. Ruslarda ham bu borada chalkashliklar, xilmaxilliklar bor ekan.
Jumladan, ruslar oʻsimliklar, meva va sabzavotlar navlarining nomini asosan qoʻshtirnoqda va kichik harflarda beradi. Lekin maxsus adabiyotlarda navlarning nomini bosh harfda va qoʻshtirnoqlarsiz yozish urfga kirgan. Uzumning navlari qoʻshtirnoqda, biroq choy navlari qoʻshtirnoqsiz yoziladi.
Xoʻsh, oʻzbek tilida navlar nomini qanday bergan yaxshi?
Punktuatsiya qoidalariga koʻra, mahsulotlarning shartli nomlari qoʻshtirnoqqa olinadi: “Qoraqum” konfeti, “Paxta” torti, “Samarqand” sovitkichi, “Neksiya” avtomashinasi. Navlar esa mahsulot emas, mahsulotning turi. Shu sababli uni qoʻshtirnoqqa olish shart emas. Men agar belgilarni ishlatmaslik imkoni boʻlsa, foydalanmaslikni maʼqul koʻraman.
Maxsus adabiyotlarda va maqolalarda navlarning nomini bosh harfda bergan yaxshi. Bunda odatda nomdan soʻng nav soʻzi ishlatiladi. Qolgan holatlarda kichik harflarda yozish kerak. Masalan:
Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarining unumdor tuproqlarida S-6524, S-6541, Sulton, Buxoro–102, Buxoro–6, Namangan–77 va An-Bayovut–2 gʻoʻza navlari yetishtirildi.
Porloq va Ravnaq gʻoʻza navlari oʻzida noyob xususiyatlarni jamlagan.
Bogʻimizda kishmish, husayni va charos uzumlar bor.
Jonoqi, rozmarin, besh yulduz, jersi mak, gala, golden delishes, simirenko olmalarini yetishtirish boʻyicha maʼlumotlar berildi.
Qiyoslang:
Subhoniy, qandak, isfarak, koʻrsodiq, ruhi juvanon, xurmoi oʻriklari xalqimiz dasturxoniga tuhfa etildi.
Aholi tomorqa xoʻjaliklarida Subhoniy, Qandak, Isfarak, Koʻrsodiq, Ruhi Juvanon, Xurmoi kabi oʻrik navlari yetishtirish boʻyicha yoʻriqnoma.
Xilmaxillik va chalkashliklar boʻlmasligi uchun yagona tartib oʻrnatish kerak, deyilsa, navlarning nomini kichik harflarda va qoʻshtirnoqsiz yozish variantini taklif qilgan boʻlardim.
Punktuatsiya va imlo qoidalari yangilanganda bu holatga ham aniq-tiniq yechim koʻrsatib oʻtilishi kerak.
Siz navlar nomini qay tarzda yozish tarafdorisiz? Fikr va dalillaringizni izohlarda qoldiring.
Orif Tolib
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.