Urushlar nomi qanday yoziladi?

Urushlar nomi qanday yoziladi?

Savol:

Birinchi jahon urushi, ikkinchi jahon urushi kabi birliklarning har biri bosh harf bilan yoziladimi?

 

Javob:

Imlo qoidalariga koʻra, muhim tarixiy sana va bayramlarning nomlari tarkibidagi birinchi soʻz bosh harf bilan boshlanadi: Mustaqillik kuni, Xotira kuni, Ramazon hayiti, Navroʻz bayrami kabi.

Urushlar nomi ham ana shu qoidaga tushadi. Ular muhim tarixiy sana hisoblanadi. Shunga koʻra, urushlar, jang va toʻqnashuvlar nomining birinchi soʻzi bosh harfda yozilishi kerak. Nomlar qoʻshtirnoqqa olinmaydi:

Birinchi jahon urushi, Ikkinchi jahon urushi, Rus-yapon urushi, Shimol va janub urushi (AQSH), Loy jangi, Anqara jangi.

❗️ Eʼtibor bering: urush va janglarning rasmiy-tarixiy nomlarigina bosh harflar bilan yoziladi. Umum qabul qilingan shakldan oʻzgacha tarzdagi atash yoki izohlashlar kichik harflarda berilishi kerak: ruslar va yaponlar oʻrtasidagi urush, xurosonliklar va movarounnahrliklar jangi kabi.

Lekin jang yoki urushga qanday nom berilgani aytilganda qoʻshtirnoq ishlatiladi. Bunda odatda atalmoq, nomlamoq, nom bermoq, nom olmoq kabi soʻzlar qatnashadi:

 

Bu jang tarixda “Loy jangi” nomi bilan shuhrat topdi.

“Rus-yapon urushi” deb atalgan bu urush haqida maʼlumotlar koʻp.

 

📌  Demak:

Ikkinchi jahon urushi, Bolqon urushi, Badr jangi ✅

Ikkinchi Jahon urushi, Ikkinchi Jahon Urushi, ikkinchi jahon urushi, Bolqon Urushi, bolqon urushi, “Bolqon” urushi, Badr jangi, “Badr” jangi ❌

 

Orif Tolib

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.