Negaki: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Negaki soʻzidan keyin vergul qoʻyish koʻp uchraydi. Soʻz -ki bogʻlovchisi bilan tugayapti, demak, vergul qoʻyish kerak degan mantiqqa asoslanishsa kerak. Lekin bu yerda -ki bogʻlovchilik xususiyatini yoʻqotgan, chunki, toki, modomiki soʻzlarida boʻlgani kabi soʻz tarkibiga singib ketgan.
Boshqa sabab bogʻlovchilariga oʻxshab qoʻshma gaplarda negaki soʻzidan oldin vergul qoʻyish kerak. U qoʻshma gap tarkibida kelganda ham, sodda gap boshida kelganda ham oʻzidan keyin vergul talab qilmaydi:
Haydovchilar ogohlantirildi, negaki qalin qor yogʻishi kutilyapti.
Haydovchilar ogohlantirildi. Negaki qalin qor yogʻishi kutilyapti.
Men bu bogʻlovchidan koʻra chunki soʻzini afzal bilaman. Sababi u jonli tilda nisbatan koʻp qoʻllanadi, ifodasi tabiiyroq. Biroq bu negaki bogʻlovchisini umuman ishlatmaslikni anglatmaydi. Masalan, qaytariq boʻlmasligi uchun chunki oʻrnida sinonimlarini ishlataman. Ikkita oldingi gapda ham shunday qildim 😉
@oriftolib

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.