Sababi: vergul kerakmi yoki yoʻq?

Sababi alohida soʻz sifatida izohli lugʻatga kiritilmagan. Lekin amaliyotda alohida soʻz sifatida ishlatiladi – baʼzan sabab bogʻlovchisi oʻrnida keladi. Ikki sodda gapni bogʻlagan payti xuddi sabab bogʻlovchilari kabi undan oldin vergul qoʻyiladi:
Chaqimchilik – illat, sababi u tufayli odamlar oʻrtasi buziladi.
Sababi bogʻlovchi oʻrnida kelgan, ammo ikki sodda gap alohida yozilgan holatlar ham uchrab turadi. Sababi qoʻshma gap tarkibida yoki sodda gap boshida kelishidan qatʼi nazar, undan soʻng vergul qoʻyilmaydi:
Chaqimchilik – illat. Sababi u tufayli odamlar oʻrtasi buziladi.
Solishtiring:
Chaqimchilik – illat, chunki u tufayli odamlar oʻrtasi buziladi.
Chaqimchilik – illat. Chunki u tufayli odamlar oʻrtasi buziladi.
Sababi shuki: vergul va tahrir
Sababi shuki birligidan keyin esa vergul qoʻyish kerak. Chunki u jumlani qoʻshma gapga aylantiradi:
Kitobga bunday nom berilishining sababi shuki, u oʻzini izlayotgan inson haqida hikoya qiladi.
Sababi shuki, harakatsizlik alaloqibat kasallikka olib boradi.
Men sababi shuki birligini ishlatmayman. Boisi bunaqa gap qurilishi oʻzbekcha ifoda tarziga mos emas. Sababi shuki oʻrnida sababi, chunki soʻzlarini ishlatish yoki jumlani tahrirlash kerak:
Kitob oʻzini izlayotgan inson haqida hikoya qiladi, shu sababli unga shunday nom berilgan.
Oʻzini izlayotgan inson haqida hikoya qilgani sababli kitobga shunday nom berilgan.
Chunki harakatsizlik alaloqibat kasallikka olib boradi. ✅
Sababi harakatsizlik alaloqibat kasallikka olib boradi. ✅
@oriftolib

Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.