Noyob soʻzlar: indamoq
Buning nimasi noyob, hamma biladigan soʻz-ku, deyishingiz mumkin. Lekin indamoq feʼlining nodir bir xususiyati bor – 99 foiz holatda boʻlishsiz shaklda ishlatiladi: indamay ish qilmoq, indamay oʻtib ketmoq.
Mastura esa menga bir qaradi-yu, tanimadi shekilli, indamadi.
A. Qahhor, “Ming bir jon”.
Bu feʼlning boshqa shakllari ham boʻlishsiz qoʻllanadi:
Bugun yigʻilishga bormasak, indashmasmikan?
Gapni ham odamiga aytibsiz-da, indamaslardan-ku u.
Indamoq baʼzan boʻlishli shaklda ham ishlatiladi, odatda bu paytda uning yonida boʻlishsiz shakli boʻladi:
- Kech qolsang, dadang indamaydimi?
- Indaydi, indash ham gapmi!
Ammo indamoq feʼlining biror narsa demoq, soʻz aytmoq, gapirmoq kabi sinonimlari boʻlishli shaklda bemalol ishlatilaveradi.
🟢 Siz shunga oʻxshash yana qanday feʼllarni bilasiz?