Oʻzbek tilidagi afrikalik soʻzlar: ularning rang-roʻyi qanday?

Oʻzbek tilidagi afrikalik soʻzlar: ularning rang-roʻyi qanday?

Afrikalik deganda koʻz oldimizga qora tanli kishi keladi. Bu qitʼa vakillarini oson tanish, ajratish mumkin. Biroq soʻz dunyosida bunday emas. Oʻzbekchada Afrika tillaridan kelgan bir nechta soʻz bor. Ularning baʼzilari oʻzbekchaga singib, moslashib ketgan, oʻzimizning qorakoʻz soʻzlarga aylangan. “Daryo” kolumnisti Orif Tolib bugun ana shunday afrikalik soʻzlarni sharhlaydi.

 

Banan: oʻzi osiyolik, soʻzi afrikalik

Banan soʻzining kelib chiqishi haqida har xil qarashlar bor. Izohli lugʻat uni arabcha banan – barmoq soʻziga bogʻlaydi. Ingliz va rus tilidagi manbalar esa boshqacha qarashni ilgari suradi.

Bir taxminga koʻra, banan bakongo yoki kongo xalqi tilidagi banam soʻzidan hosil boʻlgan. U Yevropa tillariga portugal tili orqali XVI asrda oʻtgan. Boshqa bir qarashga koʻra, volof tilidagi banana soʻzi ispan yoki portugal tillari vositasida Yevropa tillaridan qoʻnim topgan. Rus tiliga fransuz tilidan oʻzlashgan va XVIII asr boshlaridan ommalashgan.

Bakongo Kongo va Angolada yashovchi xalq boʻlib, kikongo tilida soʻzlashadi. Voloflar esa Senegal, Gambiya, Mavritaniya kabi Gʻarbiy Afrika mamlakatlarida yashovchi xalq. Volof tili Senegalning rasmiy tillaridan biridir.

Olimlar afrikancha banam va banananing arabcha banan bilan ildizi bir ekanini taxmin qiladi. Banan toʻpmevasi barmoqlarga oʻxshagani uchun shunday nom berilgan boʻlishi ehtimoli katta.

Bananning vatani Janubi-sharqiy Osiyo sanaladi. Hozir Hindiston, Xitoy, Uganda, Filippin, Indoneziya, Ekvador kabi mamlakatlar eng yirik banan yetishtiruvchilardir. 2021-yili dunyoda 170 million tonna banan hosili olingan. Shundan 25 foizi Hindiston va Xitoy hissasiga toʻgʻri keladi.

 

Zebra – Afrika yovvoyi oti

Zebrani kino va multfilmlarda, balki, hayvonot bogʻida koʻrgandirsiz. Oq va qora koʻndalang yoʻl-yoʻl chiziqli terisi bor. Otsimonlar oilasiga mansub bu hayvon Sharqiy va Janubiy Afrika savannalarida va togʻ hududlarida tarqalgan.

Zebra soʻzining kelib chiqishi haqida turli qarashlar bor. Shulardan biriga koʻra, u bantu tillaridagi zebra soʻzidan hosil boʻlgan.
Bu soʻz som tillari guruhiga mansub amhara tiliga oid degan fikrlar ham bor.

Boshqa bir talqinga koʻra, zebra lotincha equiferus – yovvoyi ot soʻzidan hosil boʻlgan.

Antik davrlarda yunonlar va qadimgi rimliklar bu hayvonni hippotigris – ot yoʻlbars deb atagan.

Zebra soʻzi dunyoning juda koʻp tillarida turli talaffuz variantlarida uchraydi.

 

Kafe, kofe va qahva

Bu uch soʻzning oʻzagi bir – arabcha qahva. Ammo qahva arabchaga amhara tilidan oʻtgan. Habashistondagi Kaffa hududi qahvaning vatani sanaladi. Ichimlikka ana shu hudud nomi berilgan. Bugungi Efiopiya janubidagi Sidamo, Kaffa, Arsi va Harar hududlaridagi togʻ oʻrmonlarida turli-tuman qahva daraxtlari oʻsadi. Butun dunyodagi Coffea arabica – arab qahvasi oʻsimliklari Janubiy Efiopiyadagi qahva daraxtlarining avlodlaridir. Bu nav juda ommalashgan, jahondagi qahva ekinlarining 60 foizi arab qahvalaridir.

Qahva soʻzi arab va turk tillari orqali Yevropa tillariga kirib borgan. Manbalarda yozilishicha, ilk qahva uylari Makka shahrida 1510-yili ochilgan, 1530-yili bu ichimlik Turkiya hududlariga yetib borgan. Qahva urugʻi yoki uning tolqoni qoʻshib tayyorlanadigan ichimlik tez orada Yevropada ham dovruq qozongan.

Qahva Yevropa tillariga baʼzi tovush oʻzgarishlari bilan oʻzlashgan. Masalan, ruschaga kofe shaklida kirgan.

Kafe ham qahvaning ayni oʻzi. Dastlab qahva ichiladigan joy boʻlgan kafe keyinchalik kichik restoranga aylangan – unda tamaddi qilish, hordiq chiqarish ham mumkin boʻlgan.

 

Baobab – maymun daraxti

Baobab haqida oʻqigan, eshitgan boʻlsangiz kerak – dunyodagi eng yirik daraxt. Tanasining diametri 8 metrga yetadi, boʻyi 18–25 metr atrofida boʻladi. Afrika va Avstraliyaning quruq tropik savannalarida oʻsadi.

Baobab soʻzi amhara tilidagi bamiba – maymun daraxti soʻzidan hosil boʻlgan. Bu ulkan daraxtning mevasini maymunlar oson qoʻlga kirita olgani uchun mevaga maymun noni deb nom berilgan. Uni maymunlar yeydi ham. Baobab mevasi oziq-ovqat yoki ziravor sifatida ishlatiladi.

Baobab soʻzi arabcha abu hibob – urugʻlar otasi birikmasidan yasalgan degan qarash ham bor.

 

Shimpanze va makaka

Shimpanze va makaka – maymun turi. Shimpanze Afrikada tarqalgan, makaka esa Osiyoda. Makakalarning berber makakasi turigina Osiyodan tashqarida – Shimoliy Afrika va Gibraltarda yashaydi.

Shimpanze bantu tillariga mansub luba tilidagi kivili chimpenze – odamga oʻxshash maxluq, maymun soʻzidan olingan. Makaka esa bantu tillaridagi makaku soʻzidan yasalgan.

Bu ikki soʻz bizga rus tili orqali yetib kelgan. Shimpanze ruschaga fransuz tilidan kirgan boʻlsa, makaka lotinchadan oʻzlashgan.

 

Zombi – manqurt degani

Zombi soʻzi oxirgi 15–20 yil ichida oʻzbekchada ham ommalashdi. U begona odam yo vosita taʼsirida birovning buyrugʻiga, xohish-irodasiga soʻzsiz boʻysunadigan, mustaqil fikrlay olmaydigan, oʻz shaxsi va erkiga ega boʻlmagan kishini anglatadi. Bu taʼrif janrlarga koʻra farqlanishi mumkin. Masalan, fantastikada zombilar qandaydir virusga chalingan odamlar, baʼzan esa hayvonlardir. Ular oʻzini mutlaqo boshqara olmaydi, boshqalarga hujum qilish, ularga virus yuqtirish yoki halok qilishga harakat qiladi.

Bu soʻz oʻzbekchaga inglizchadan oʻzlashgan, inglizchaga esa bantu tillariga mansub kimbundu tilidan oʻtgan. Kimbundu tili asosan Angolada, qisman Kongo Demokratik Respublikasi va Zambiyada tarqalgan. Kimbundu tilidagi nzumbe soʻzi jon, ruh maʼnosini anglatadi.

 

Gnu ohulari va gerenuk

Gnu ohulari Afrika haqidagi hujjatli filmlarda qulogʻingizga chalingan boʻlsa kerak. Afrikada tarqalgan, buqaga oʻxshab ketadigan antilopa turi. Gnu soʻzini nemis sayyohi Georg Forster isteʼmolga kiritgan. U Janubiy Afrika xalqlarining koysan tilidagi i-ngu soʻzini gnoe shaklida qoʻllagan. Bu soʻz ayni shu antilopa turini ifodalash uchun ishlatilgan.

Gerenuk esa koʻpchilikka notanish. Bu hayvon jirafa ohu deb ham ataladi, chunki boʻyni uzun boʻladi. Gerenuk somali tilidagi gáránúug soʻzidan hosil boʻlgan. Bu jonivor Efiopiya, Somali va Tanzaniya hududlaridagi savannalarda yashaydi.

 

Safari – ov safari

Safari soʻzi dastlab Sharqiy Afrika boʻylab ov uchun uyushtirilgan sayohatlarni ifoda etgan. Keyinchalik bu tushuncha Afrikaning boshqa hududlari uchun ham ishlatila boshlagan. Soʻzning maʼnosi bora-bora oʻzgarib ketgan. Safari bugun yovvoyi tabiatga qilinadigan nisbatan arzon ekskursiyalarni anglatadi. Bunda odatda yirtqich hayvonlar suratga olinadi. Vikipediyaga koʻra, baʼzi mamlakatlarda yoʻlboshlovchilar bilan taʼminlanadigan safarilar yirik xizmat turiga aylangan.

Ov safarilari hozir ham uyushtirib turiladi. Afrikadagi ayrim mamlakatlarning byudjetini aynan ov safarilari anchagina toʻldiradi.

Safari soʻzi suahili tilidan Yevropa tillariga oʻtgan va ommalashgan. Suahili – bantu tillariga mansub til. Bu tilda soʻzlashuvchilar – suahililar Tanzaniya, Keniya va Mozambikda yashaydi. Suahili tili oʻzlashmalarga boy, ayniqsa arabchadan koʻp soʻz olgan. Bu til lugʻat boyligining yarmini arabcha soʻzlar tashkil etadi. Safari ham shulardan biri. U sizu bizga yaxshi tanish va oʻzbek tilida ham qoʻllanadigan safar soʻzidan yasalgan.

 

“Daryo” nashrida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.