Nyu-York emas, Nyu York
Bu haqda oldin ham yozgandim. Rus tili taʼsirida xato yoziladigan, xato ommalashib ketganidan hamma oʻrganib boʻlgan joy nomlari juda koʻp. Ular toʻgʻrilanishi, hech qursa, imlosi toʻgʻrilanishi uchun joy nomlari lugʻati kerak. Bu boʻyicha ish boshladim. Lekin bu lugʻat yaratilguncha ham baʼzi ommaviy yanglishliklarni tuzatib turish mumkin.
📌 Joy nomlarini toʻgʻri yozishning oddiy usuli:
- Asliyatga qarash. Asliyatda qanday maʼno anglatishi va yozilishiga eʼtibor berish.
- Oʻzbek tili qoidalariga moslash.
👉 Masalan, Nyu York asli inglizcha soʻz: New
York. Yangi York degani. Xuddi Yangi Margʻilon degandek gap. Chiziqcha zoti mutlaqo kerak emasligi yaqqol anglashiladi.
Oʻzbek tilida juft va takror soʻzlar chiziqcha bilan yoziladi. Joy nomlari ichida bunday shakldagi soʻzlardan hosil boʻlganlari yoʻq hisobi.
Xato imlosi ommalashgan yana qanday joy nomlarini bilasiz? Izohlarda qoldiring.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.