Vazirlarning mansabi bosh harfda yoziladi

Vazirlarning mansabi bosh harfda yoziladi

Savol:

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri yoziladimi yoki Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri?

 

Javob:

Davlatning oliy tashkilotlari bor: Oliy Majlis, Oliy Sud kabilar. Bunday nomlarda har bir soʻz bosh harf bilan yoziladi. Ularning rahbarlari nomi ham bosh harfda beriladi: Oliy Majlis Raisi, Oliy Sud Raisi.

Vazirlar Mahkamasi – ijro etuvchi hokimiyatning markaziy organi. Shu sababli uning nomida ham har bir soʻz bosh harfda boʻladi. Vazirliklar – davlatning markaziy boshqaruv organi. Eʼtibor bering, eng yuqori organ emas. Vazirliklar Vazirlar Mahkamasi rahbarligida ish olib boradi, yaʼni hukumat tarkibiga kiradi.

Imlo qoidalariga koʻra, markaziy tashkilotlardagi oliy mansabni bildiruvchi birinchi soʻzgina bosh harf bilan boshlanadi: Bosh vazirning oʻrinbosari, Mudofaa vaziri.

Vazirliklar va mansab nomi oldidagi Oʻzbekiston Respublikasi, Oʻzbekiston kabi soʻzlar davlat nomini anglatadi. Ulardan keyingi nom bosh harfda yozilishi kerak. Qiyoslang:

 

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ✅

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri ✅

 

Oʻzbekiston Respublikasi va Oʻzbekiston soʻzlari koʻpincha tushib qoladi:

 

Tashqi ishlar vazirligi ✅

Tashqi ishlar vaziri ✅

 

📌 Demak:

Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri, Tashqi ishlar vaziri ✅

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri, tashqi ishlar vaziri ❌

 

Mavzuga oid:

 

Telegram | YouTube

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube

Muallif haqida

Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.