Oldingdan oqqan suvning qadri

Oldingdan oqqan suvning qadri

Salqin aprel tongi. Vashington metro bekatida gʻilofli skripka koʻtargan kishi paydo boʻldi. U devor yoniga borib, shoshmaygina narsalarini joylashtirdi. Gʻilofni ochib oyoqlari ostiga qoʻydi-da, skripkasini chala boshladi.

45 daqiqa mobaynida butun vujudi bilan, zavq-shavqqa koʻmilib kuy chaldi. Shu payt ichida uning yonidan mingga yaqin odam oʻtdi.

Dastlabki uch daqiqada oʻrta yoshlardagi bir kishi cholgʻuchiga eʼtibor berdi, qadamini sekinlatdi va bir lahza tek turdi-da… yana yoʻliga shitob ravona boʻldi.

Bir daqiqacha oʻtgach, gʻijjakchi ilk ishhaqini qoʻlga kiritdi. Bir ayol gʻilofga pul tashladi, lekin toʻxtamadi. Yana qanchadir vaqtdan soʻng bir erkak toʻxtab musiqa tingladi, biroq koʻp oʻtmay soatiga qaradiyu yoʻlida davom etdi.

Keyin uch yoshlardagi bola kelib, musiqachiga razm solib qaray boshladi. Ammo onasi uning qoʻlidan tortib olib ketdi. Bolakay ortiga qaray-qaray onasiga ergashdi. Bunga oʻxshagan holat yana koʻp bor takrorlandi. Birorta ota-ona bemolol tomoshaga ruxsat bermadi. Bechora bolalarning kuzatuvi bir daqiqaga ham yetib bormadi.

Xullas, 45 daqiqalik koʻcha konserti davomida 7 kishigina biroz vaqt yoʻldan qolib musiqa tingladi, 20 kishi esa gʻilofga pul tashlab, toʻxtamay ketdi. Cholgʻuchi shu vaqt ichida 32 dollar pul ishladi.

Biror-bir yoʻlovchi dunyoga mashhur musiqachi Joshua Bellning kuylarini tinglayotganini bilmadi, his qilmadi, xayoliga ham keltirmadi.

Cholgʻuchi XVIII asring mashhur sozchisi Antonio Stradivari ishlagan skripkada kuy chalgandi. Bu asbobning bahosi 3,5 milyon dollar edi. Ushbu koʻcha tomoshasidan ikki kun oldin Joshua Bell Bostonda katta konsert bergandi. Chipta narxi 100 dollar boʻlishiga qaramay, zal jippa-jiq toʻlgandi.

“Vashington post” gazetasi oʻtkazgan ushbu sinov loyihasi inson tabiati haqida yana bir bor saboq beradi…

 

Orif Tolib

 

“Ma’rifat” gazetasining 2015-yil 18-iyul sonida eʼlon qilingan.

Bizni kuzatib boring:

TelegramYouTube