Yoshlikning siri
Uzoq yillar oldin bir qishloqda toʻqson yoshli chol yashardi. Yoʻq, uni chol deb boʻlmasdi. Yigitlarday bardam va oʻktam edi. Uni koʻrganlar, tanigan-tanimaganlar yosh koʻrinishining siri nimada ekanini soʻrardi. Bunday paytlarda boboy mayin jilmayib qoʻyar, bir soʻz demasdi. Lekin soʻrovchilar koʻpayib borar, javob bermaslikning iloji tobora kamayardi. Axiyri, otaxon bu jumboqning yechimini aytishga qaror qildi.
Bir kuni bu sirga qiziquvchilarni mehmonga chaqirdi. Bundan xabar topganlar navqiron cholning uyiga daryoday oqib keldi. Katta ziyofat tashkil etildi. Taomlar yeyildi, sharbatlar ichildi, shirin suhbatlar qurildi. Biroq yoshlik siri haqida bir ogʻiz ham soʻz aytilmadi. Oʻtirganlar osh-nonga emas, boboyning ogʻziga mahtal boʻlib turgan bir paytda nuroniy otaxon kuymalanib yurgan kampirini chaqirib qoldi:
– Onasi, malol kelmasa, omborga kirib tarvuz olib chiqqin.
Choli kabi ochiq yuzli, farishtali bu kampir qilayotgan ishini shu zahoti tashladi, omborga yoʻl oldi. Zum oʻtmay bitta tarvuz koʻtarib chiqdi. Boboy tarvuzni chertib koʻrdi-da:
– Yoʻq, bu tarvuzing boʻlmaydi, boshqasini opchiq. Seniyam ovora qildim-da, – dedi.
Onaxon bir ogʻiz soʻz aytmay, yana ortiga qaytdi. Keyingi tarvuz ham boboyga yoqmadi:
– Yana ovora boʻlasan-da endi, onasi. Bu tarvuz ham yaramaydi. Mehmonlarga eng yaxshisini soʻyib beraylik, tanlab olib chiq, – dedi u.
Bu holat yana davom etdi. Beshinchi qatnovda olib chiqilgan tarvuzgina boboyga maʼqul tushdi. Tarvuz soʻyilib, dasturxonga qoʻyildi. Yigʻilganlar miriqib tarvuzxoʻrlik qilayotgan paytda otaxon soʻradi:
– Mening yoshligim siri mana shunda, bildilaringmi, qadrdonlar?
Hamma bir-biriga hayron boʻlib qaradi. Hech kim hech narsa eshitmadi-ku.
– Yoʻq, otaxon, hech narsa anglamadik. Tushuntiribroq gapiring, – deyishdi mehmonlar.
Boboy kuldi:
– Obbo, azamatlar-yey, – dedi u, – sezmadilaringmi, ayolim har gal bir xil tarvuzni olib chiqdi. Omborda bittagina tarvuz bor edi, xolos. Men unga: “Bor, boshqasini olib chiq”, deganim zahoti omborga yugurdi. Oʻsha tarvuzni qayta-qayta olib kelaverdi. Biror MARTA: “Ey inson, aqlingizni yeb qoʻyganmisiz?! Oʻzi bittagina tarvuz boʻlsa, nimaga meni yugurtiraverasiz”, deb norozilanmadi. Meni sizning oldingizda oʻngʻaysiz holatga tushirmadi. Shu paytgacha sogʻ, bardam va keng koʻngilli boʻlib yurganim uchun xotinimdan qarzdorman. Biz bir-birimizni boshqalarning oldida hech qachon qiyin vaziyatga tushirmaymiz. Oila ichidagi hech bir gapni tashqariga chiqarmaymiz. Doim bir-birimizni qoʻllab-quvvatlab, dardimizni boʻlishib, bir-birimizga koʻmaklashib kelganmiz. Oʻzaro muammolarimizni bir-birimizga aytamiz, birga hal qilamiz. Yaxshi-yomon har qanday holatda birga boʻlamiz.
Orif Tolib
“Ma’rifat” gazetasining 2015-yil 18-iyul sonida eʼlon qilingan.
Muallif haqida
Orif Tolib – bir necha kitoblar, ilmiy, badiiy va publitsistik maqolalar muallifi, muharrir, tilshunos. Daryo.uz nashri kolumnisti. “Ibrat farzandlari” loyihasining oʻzbek tilidan savodxonlik darslari ustozi. Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.