“Oʻquv yurti” degan maʼqul
Sunʼiy soʻz va birikmalarni yasamaslik, foydalanmaslik kerak. Ayniqsa, katta auditoriyaga ega ommaviy axborot vositalarida bunday soʻzlar berilmagani yaxshi. Urfga kirib ketishi ehtimoli bor-da.
Oʻzbekchada taʼlimgoh degan forscha soʻzning muqobillari koʻp. Masalan, oʻquv yurti deyish mumkin. Taʼlimgoh bitta soʻz shaklida boʻlgani bilan tovushlar tarkibi boʻyicha ustunligi yoʻq, aslan oʻzbekcha emas va tilda ishlatilmaydi. Internetdan izlab koʻrdim, tojikchada qoʻllanar ekan. Goh (manzil, joy maʼnosida) soʻzi bilan forschada ot yasaladi. Oʻzbekchada emas. Har qanday soʻzga goh qoʻshavermaslik kerak.
Taʼlimgoh bermoqchi boʻlgan maʼnoni oʻzbekchada shu paytgacha ishlatib kelingan soʻz va birikmalar undan yaxshiroq aks ettiradi. Baʼzilari aslan oʻzbekcha boʻlmasligi mumkin, lekin tilga singib ketgan, amalda qoʻllanadi: oʻquv yurti, oʻquv maskani, oʻquv dargohi, ilm maskani, ilm dargohi, taʼlim maskani, taʼlim dargohi kabi.
👉 Oliy, oʻrta, oʻrta-maxsus taʼlim maskanlarini qamrab oluvchi yana qanday soʻzlar yoki birikmalar bor? Izohlarda yozing.